Internet tarmog`ida fuqarolar va ichki ishlar organlari xodimi o`rtasidagi kelishmovchilik aks etgan video tarqalmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yil 24 iyul kuni Shayxontohur tumani IIO FMB patrul-post xizmati xodimi safdor Shovkat Po`latov «Samarqand darvoza» KSM hududida xizmat olib borgan. Uning vazifasi jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta`minlash va jinoyatlarning oldini olishdan iborat. Soat 16.30 atrofida umumiy ovqatlanish joyida ikki nafar fuqaro jamoat tartibini buzib, shovqin ko`tarib atrofdagilarni xavotirga solishgan. Shu sababli qo`riqlash xizmati ishchilari tartibbuzarlardan KSMni tark etishlarini talab qilishgan.
Shundan so`ng yigitlar taqiqni chetlab o`tib binoga avtoturargohning beshinchi qavati orqali kirishga qaror qilishganida, ularni Shayxontohur tumani IIO FMB xodimi to`xtatgan.
Savdo markazini tark etish to`g`risidagi iltimosga javoban fuqarolar ig`vogarlik qilib janjal ko`tarishgan va ularning huquqi poymol qilinayotganini aytib, holatni videoga tushirishni boshlashgan. Kelishmovchilik cho`zilib ketganligi sababli xodim emosional tarzda e`tiroz bildirgan, biroq tekshiruv natijasida aniqlanishicha, tartibbuzarlarga nisbatan kuch ishlatmagan.






