O`zbekiston Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan "Notariat sohasida amalga oshirilgan so`nggi islohotlar va aholiga yaratilgan qulayliklar" mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 sentyabrdagi PF–5816-son “O`zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida” Farmoniga asosan xususiy notariuslar instituti joriy etilgani qayd etilib, bu boradagi amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan natijalar xususida ma`lumot berildi.
Xususan, ushbu Farmonga asosan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab joriy etilgan yangi tizim quyidagi dastlabki natijalarni berdi:
1) notariuslar soni 6,5 foizga oshdi, natijada 3 mingga yaqin fuqarolar ish bilan ta`minlandi;
2) joriy yilning 6 oyi davomida xususiy notariuslar tomonidan 537 mlrd so`m davlat boji undirildi (tushum 36 foizga oshdi);
3) davlat notarial idoralarini saqlash xarajatlaridan 255mlrd so`m davlat mablag`lari iqtisod qilindi;
4) notariuslar orasida raqobat shakllandi va notarial idoralarda navbat kutish muammosi bartaraf etildi;
5) fuqaro va tashkilotlarning notariatga oid murojaatlari soni 40 foizga kamaydi;
6) 14 ta idoraning 20 ta tizimlari “Notarius” elektron axborot tizimi bilan integrasiya qilinishi natijasida notarial harakatlarni amalga oshirishdagi byurokratiya va qog`ozbozliklar keskin kamaydi.
Shuningdek, qayd etishilicha, notariat sohada quyidagi yo`nalishlarda ishlar olib borilmoqda.
Notariat sohasi elektronlashtirilmoqda:
* notarial harakatlarni amalga oshirish uchun “Notarius” axborot tizimi yaratildi;
* notarial harakatlarni amalga oshirish uchun elektron navbatga yozilish imkoniyati yaratildi;
* to`lovlar to`liq elektron ko`rinishga o`tkazildi, Billing tizimiga ulandi;
* notariat harakatlarni amalga oshirish to`liq raqamli ko`rinishga o`tkazildi;
* notariatning “faol modeli” ishga tushirildi;
* reestr kitoblari elektron shaklda yuritilmoqda;
* notarial rasmiylashtirilayotgan hujjatlarni tasdiqlash barmoq izlarini skaner qilish yo`li bilan amalga oshirilmoqda;
* videokonferensaloqa rejimida va elektron raqamli imzodan foydalangan holda masofaviy notarial harakatlarni amalga oshirish yo`lga qo`yilmoqda;
* aholining elektron murojaatlarini qabul qilish hamda ularga servis xizmatlar ko`rsatish maqsadida “e-notarius” veb-sayti yaratildi.
Notarial harakatlarni amalga oshirish borasida:
* ko`chmas mulk oldi-sotdi shartnomasi gerbli blankdarasmiylashtirila boshlandi;
* ko`chmas mulkni oldi-sotdi, hadya va ayriboshlash shartnomalarini amalga oshirishda hududiylik prinsipi bekor qilindi;
* ko`chmas mulkni boshqa shaxsga o`tkazish shartnomalarini tasdiqlangandan so`ng, ularni “yagona darcha” tamoyili asosida kadastr organidan ro`yxatdan o`tkazish tizimi joriy qilindi;
* vasiyatnoma hamda ayrim murakkab notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqaroning hujjatni imzolash jarayoni audio- va videotasmaga tushurilmoqda;
Xususiy notariuslar faoliyatining yo`lga qo`yilishi:
* O`zbekiston Respublikasi “Notariat to`g`risida”gi Qonuni bilan O`zbekistonda xususiy notarial faoliyatga ruxsat berildi va 2020 yil 1 maydan dastlabki xususiy notariuslar ish boshladi;
* xususiy notariuslarning moliyaviy imkoniyatlari mustahkamlab berildi;
* jamiyatda notariuslarning faolligi oshdi;
* endilikda notarial idoralarda navbat kutish muammosi bartaraf etildi;
* notariat sohasida erkin raqobat muhiti shakllandi va notariuslar aholiga yanada sifatli xizmat ko`rsatishni boshladi;
* notariuslar soni ko`payishi natijasida uzoq aholi punktlarida notarial xizmatlarning to`la joriy etilishiga erishiladi, aholining davlatga ishonchi yanada ortadi;
* respublika bo`yicha 873 nafar notarius, 2060 nafar stajyor, yordamchi
va kotiblar faoliyat yuritmoqda, bir yilda o`rtacha 3,8 mln notarial harakat amalga oshirilmoqda.






