“Tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori (465-son, 28.07.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Qarorga ko`ra, 2021 yil 1 oktyabrdan avtotransportlar oynalarining tusini o`zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish bo`yicha davlat xizmati faqat Yagona inreraktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ko`rsatiladi.
Qaror bilan tasdiqlangan ma`muriy reglamentga ko`ra, avtotransportlar oynalarining tusini o`zgartirish (qoraytirish) ishlari avtotransport vositasi egasi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Avtotransport orqa oynasining tusini yorug`lik o`tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o`zgartirish (qoraytirish), shuningdek, old oynasining tepa qismi tusini 14 sm dan ko`p bo`lmagan polosa shaklida yorug`lik o`tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o`zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Ruxsatnoma 1 yil muddatga beriladi.
Ariza beruvchi tomonidan ruxsatnoma uchun to`lov 10 kun muddatda amalga oshiriladi.
Ruxsatnoma avval berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatigacha qayta rasmiylashtiriladi.
YaIDXP orqali ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatilgani uchun to`lov undirilmaydi.