AsosiyJamiyat

Prezident sharoiti og`ir bo`lgan Mehribonlik uylarini tashkilotlarga "bo`lib berdi"

'Prezident sharoiti og`ir bo`lgan Mehribonlik uylarini tashkilotlarga "bo`lib berdi"'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev videoselektor yig`ilishida bir oy muddatda har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasi kamida 20 tadan eng zamonaviy kompyuter va tezkor Internet bilan ta`minlanishini aytdi.

"Bir oy muddatda har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasi Inxa universiteti, Axborot texnologiyalari universiteti, IT markaz va parklarga bog`lab, o`quv kurslarini tashkil etilsin.

Moliya vazirligi har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchalariga o`z tizimidagi ikkitadan mutaxassisni doimiy biriktirib, o`z vaqtida moliyalashtirish va ajratilgan mablag`larni samarali ishlatishga javob beradi.

Bundan tashqari, sharoiti og`ir bo`lgan Mehribonlik uylarini Prezident Administrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi, viloyat hokimlari otaliqqa oladi.

Masalan, Prezident Administrasiyasi – Yashnoboddagi 30-son, Vazirlar Mahkamasi – Yunusoboddagi 23-son, Davlat xavfsizlik xizmati – Bo`kadagi  5-son, Bosh prokuratura – Samarqand shahridagi 1-son, Chegara qo`shinlari – Buxoro shahridagi 32-son, Favqulodda vaziyatlar vazirligi – Marg`ilondagi 1-son, Bojxona qo`mitasi – Qo`qondagi 12-son Mehribonlik uylari, Mudofaa vazirligi – Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasi” bilan shaxsan shug`ullanib, yil yakuniga qadar ularning barcha muammolarini hal etib beradilar.

Shuningdek, Mehribonlik uylarida tarbiya olayotgan qizlarimizning ta`lim-tarbiyasi, ularni balog`atga, turmushga tayyorlash Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligining asosiy vazifalaridan biri bo`ladi.

Ushbu qizlarning barchasi “ayollar daftari”ga kiritilib, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilishga hamda Mehribonlik uylaridan keyingi hayotidagi o`z o`rnini topishiga har tomonlama ko`maklashiladi",– dedi davlat rahbari.

Boshqa yangiliklar