2021 yil 28 iyulda BMTning Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyasi O`zbekiston Respublikasi uchun kuchga kirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrdagi 61/106-sonli Rezolyusiya bilan qabul qilingan va 2008 yil 3 may kuni kuchga kirgan.
Konvensiya O`zbekiston Respublikasi tomonidan 2009 yil 27 fevral kuni imzolangan va 2021 yil 7 iyunda O`RQ-695-sonli Qonun bilan ratifikasiya qilingan edi.
Ushbu xalqaro shartnomada bugungi kunda 184 ta davlat ishtirok etadi.
Konvensiya 50 moddadan iborat bo`lib, unda nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari va asosiy erkinliklari, jumladan ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta`lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, bo`sh vaqtni o`tkazish, dam olish va sport bilan shug`ullanish, etarlicha turmush sharoitiga ega bo`lish va ijtimoiy yordam huquqlari e`tirof etilgan va ularni amalga oshirishning huquqiy kafolatlari belgilangan.
Konvensiyada qoidalariga rioya etilishi va ishtirok etuvchi davlatlarning majburiyatlarining bajarilishini muvofiqlashtirish va buning monitoringini amalga oshirish maqsadida BMTning Nogironlar huquqlari bo`yicha qo`mitasi tashkil etilgan.
O`zbekistonda 2017 yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining F-5006-son Farmoyishi bilan Nogironligi bo`lgan shaxslarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo`yicha komissiya tashkil etilgan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo`lgan shaxslarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5270-sonli Farmoni, shuningdek, 2020 yil O`zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risida”gi O`RQ-641-sonli Qonuni qabul qilingan.
Konvensiyada ishtirok etish milliy qonunchilikni va nogironligi bo`lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga hamda ularni xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.






