Milliy matbuot markazida milliy kinematografiya san`atini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalarga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Unda kinoshunos olimlar, rejissyorlar, aktyorlar, kino sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Ma`lumki, “O`zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga asosan ishlab chiqarilgan “Baron”, “Xazonrezgi” badiiy filmlari kinoixlosmandlarga manzur bo`ldi. Joriy yilda yana 15 badiiy, 10 multiplikasion, 20 qismli hujjatli, ilmiy-ommabop kinofilmlar, ko`plab o`quv-uslubiy videofilmlar yaratish rejalashtirilgan.
Sog`lom ona va bola yilida "RROLogue" – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar II Respublika festivali o`tkaziladi. Noyabr oyida bo`lib o`tadigan "Yoshlar haftaligi" doirasida tashkil etiladigan mazkur festivalda 35 yoshgacha bo`lgan kinoijodkorlar so`nggi ikki yil mobaynida suratga olgan qisqa metrajli badiiy filmlari bilan qatnashadi.
Milliy va jahon kino asarlari durdonalarini xalqimizga kengroq namoyish etish maqsadida mamlakatimizda va bir qator xorijiy davlatlarda kinofestivallar o`tkazish rejalashtirilgan.
Anjumanda kinematografiya sohasida olib borilayotgan ishlar, galdagi rejalar, rejissyor va kinodramaturglar tayyorlash, yosh ijodkorlarni qo`llab-quvvatlash kabi masalalar muhokama etildi.