Adliya vazirligi italiyalik dizayner tomonidan yaratilgan O‘zbekiston gerbi va bayrog‘i tasvirlangan oyoq kiyimini «davlat ramzlariga hurmatsizlik» deb baholadi.
Eslatib o‘tamiz, Italiyalik dizayner Stefano Richchi O‘zbekiston gerbi va bayrog‘i aks etgan 18 mln so‘mlik poyabzallar taqdim etdi.
Mazkur holat yuzasidan Adliya vazirligi munosabat bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunining 5-1-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.
Aniq.uz sayti tomonidan Italiyalik dizayner Stefano Richchi O‘zbekiston uchun kolleksiya yaratdi maqolasida ta’kidlanishicha, ya’ni Stefano Richchi tomonidan yaratilgan oyoq kiyimlarida O‘zbekiston gerbi va bayrog‘ini tasvirlangan.
Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari – bayroq va gerbga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahar adliya boshqarmasi tomonidan Toshkent shahridagi davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat muassasalarida davlat ramzlaridan foydalanishda huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilgan.
O‘rganish davomida 363 ta holatda O‘zbekiston Respublikasi “Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonuni talablari buzilganligi aniqlangan.
Shunga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan shahar hamda tuman miqyosidagi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida 103 ta taqdimnoma hamda 70 ta qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohnoma, shuningdek Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga 49 ta ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar yuborilgan.
Natijada 55 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 18 ta huquqbuzar ma’muriy ravishda ogohlantirilgan, 9 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilgan.
29.07.2021 16:48
Italiyalik dizayner O`zbekiston bayrog`i va gerbiga nisbatan hurmatsizlik qildi






