AsosiyJamiyat

Surxondaryoda IIB xodimlari tomonidan fuqaroning vahshiylarcha qiynab o`ldirilgani holati Senat nazoratiga olindi

'Surxondaryoda IIB xodimlari tomonidan fuqaroning vahshiylarcha qiynab o`ldirilgani holati Senat nazoratiga olindi'ning rasmi

Sal avval, Surxondaryo viloyati Denov tumani Oqtom mahallasida yashagan Hasan Xushmatov ismli fuqaro ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan majburlab olib ketilib, vahshiylarcha qiynab o`ldirilgani haqidagi xabar berilgan edi. 

Holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining  Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi quyidagilarni munosabat bildirdi.

Ma`lum qilinishicha, 2021 yil 10 iyul kuni Denov tumani Oxtom mahallasida fuqaro Yu.Xushmatov tuman ichki ishlar organlariga akasi X.Xushmatov yashash uyida janjal qilib tinchligini buzayotganligi haqida xabar bergan.

Tuman IIB profilaktika inspektori S.Pardaev X.Xushmatovning yashash xonadoniga yordamchilari X.Sheraliev va T.Farmonovlar bilan borib, X.Xushmatovni tuman IIBga o`z boshqaruvida bo`lgan “LADA X-RAY” rusumli avtomashinasida olib kelayotganda mast holat bo`lgan X.Xushmatov faol qarshilik ko`rsatgan. X.Xushmatovni tinchlantirish maqsadida profilaktika inspektori yordamchilari X.Sheraliev va T.Farmonov o`z vakolatlari doirasidan chiqib bir necha marta urib, tan jarohati etkazgan.

Tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotkizilgan X.Xushmatov 2021 yilning 11 iyul kuni soat 10:00 larda Sho`rchi tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Denov tumani prokuraturasi tomonidan 2021 yil 11 iyul kuni X.Sheraliev va T.Farmonovlariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan ayblov e`lon qilinib, jinoyat ishi qo`zg`atilgan. 

X.Sheraliev va T.Farmonovlariga nisbatan Jinoyat ishlari bo`yicha Denov tuman sudining 2021 yil 12 iyuldagi ajrimi bilan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Dastlabki tergov davomida marhum X.Xushmatovning o`limiga sabab bo`lgan barcha holatlar va aloqador shaxslar atroflicha tekshirilib, huquqiy baho beriladi. Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Tergov jarayonlari yakuni bo`yicha qo`shimcha axborot taqdim etiladi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi mamlakatimizda qonun buzilish holatining har qanday ko`rinishiga murosasiz ekanligini yana bir bor eslatib o`tadi.
 

    Boshqa yangiliklar