AsosiyJamiyat

SSV: O`zbekistonga AQShdan koronavirusga qarshi 3 million 60 doza Moderna vaksinasi keltirildi

'SSV: O`zbekistonga AQShdan koronavirusga qarshi 3 million 60 doza Moderna vaksinasi keltirildi'ning rasmi

 O`zbekistonga koronavirusga qarshi 3 million 60 doza Moderna vaksinasi olib kelindi. Vaksina AQSh tomonidan Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining COVAX dasturi doirasida ajratilgan bo`lib, ayni shu soniyalarda maxsus havo qatnovi vositasida AQShning Alabama shtatidan yurtimizga etkazib berildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabarbermoqda.

Aeroportda yukni qabul qilib olish jarayonida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Behzod Musaev, Sog`liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibaev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i, Bosh  davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliev, xalqaro miqyosda esa AQShning O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Deniel Rozenblyum, USAID ning O`zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit, YuNISEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade, Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini  bajaruvchisi Kristofer Fitspatrik va boshqa mas`ullar ishtirok etishdi.

Ma`lumki, «Moderna» kompaniyasining koronavirusga qarshi qo`llaniladigan 3 million 60 doza vaksinasini O`zbekiston uchun AQSh beg`araz ko`mak tariqasida ajratdi.

Aytish lozimki, Moderna Qo`shma Shtatlarda qo`llanilayotgan 3 ta vaksinadan bittasi hisoblanadi. Shuningdek, AQSh Kasalliklar nazorati va ularning oldini olish bo`yicha markazi (CDC) ma`lumotiga ko`ra, «Moderna» kompaniyasining vaksinasi 94 foizdan ziyod samaradorlikka ega bo`lgani holda COVID-19 virusi yuqishini bartaraf etadi.

Ahamiyatli jihati, Amerikaning Moderna vaksinasi JSST tomonidan favqulodda holatlarda foydalanish uchun tasdiqlangan («Pfizer», «Johnson & Johnson» kompaniyalarining vaksinalari, shuningdek, «AstraZeneca» kompaniyasining ikki turdagi preparatidan so`ng) beshinchi vaksina hisoblanadi. JSST ekspertlar guruhi vaksinaning virusga qarshi 94,1 foiz samarador ekanini ta`kidlab, uni 18 yoshdan katta bo`lgan barcha aholi guruhlari uchun tavsiya qilgan.

JSSTning ma`lumotiga ko`ra, vaksina ko`p dozali flakonda –25ºC dan –15ºC gacha bo`lgan muzlatilgan suspenziya sifatida etkazilsa-da, flakonlarni birinchi dozani olishdan oldin 30 kungacha 2–8°C haroratda sovutgichda saqlash mumkin. Bu degani preparatni joylarga etkazish uchun sovuqlik zanjirini ta`minlovchi uskunalar bo`lishi har doim ham shart emas. Uni oddiy sovutkichda ham saqlasa bo`ladi. Mazkur vaksina teri ostiga yuboriladi, emlash 28 kunlik interval bilan ikki dozadan iborat.

Eslatib o`tamiz, joriy yilning mart oyida COVAX dasturiga asosan 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi keltirilgan edi.  Shunday qilib, jami vaksina zaxirasi 12 million 580 ming 60 dozani tashkil qilmoqda.

Ulardan:

  • 370 ming dozasi "Sputnik V",
  • 710 ming dozasi AstraZeneca,
  • 8,5 million dozasi ZF-UZ-VAC2001,
  • 3 million 60 dozasi Moderna vaksinasidir.

Hozirda yurtimizda (28 iyul holatiga ko`ra) koronavirus infeksiyasiga qarshi jami 6 982 431 doza vaksinadan foydalanildi, 1 149 687 nafar fuqaro to`liq emlandi.

Bugun, 30 iyul kuni soat 11:00 da Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati binosida rasmiy vakillar ishtirokida Moderna vaksinasini rasmiy topshirish marosimi bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar