O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n oltinchi yalpi majlisida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining ijrosi doirasida Samarqand viloyatida ichimlik suvi ta`minoti ob`ektlarini loyihalash, qurish va rekonstruksiya qilish ishlarida yo`l qo`yilayotgan kamchiliklar to`g`risidagi masala ko`tarilgan edi. Ushbu masala Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo`mitasi tomonidan o`rganilgan.
Bugun, 30 iyul kuni o`tkazilayotgan Senatning o`n ettinchi yalpi majlisida mazkur o`rganish natijalari Qo`mita raisi E. Gadoev ma`lumot berdi.
O`rganish natijasiga ko`ra, Samarqand viloyatida 2,3 mln kishi yoki aholining 58,9 foiz markazlashgan tartibda, qolgan 1,6 mln kishi yoki aholining 41,1 foizi boshqa manbalar (shaxsiy quduq, kachalka, buloq, tashib berish) orqali ichimlik suvi bilan ta`minlangan. Viloyatda 1 689 ta ichimlik suv olish inshooti mavjud bo`lib, shundan 542 tasi (32,1 foizi) ta`mirtalab holatda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan tasdiqlangan ichimlik suvi ta`minoti va oqova suv tizimi ob`ektlarini qurish ta`mirlash parametrlariga ko`ra, viloyatda 35 ta ob`ektda 212 km uzunlikdagi tarmoq hamda 34 ta inshoot (er osti qudug`i, nasos stansiya, xlorlash xonasi)ni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Joriy yilning 3 may kuni buyurtmachi va bosh pudrat tashkiloti o`rtasida jami 35 ta ob`ektda 42,3 mlrd so`mlik qurilish ta`mirlash ishlarini amalga oshirish bo`yicha pudrat shartnomalari tuzilgan.
Texnik jihatdan kuzatib boruvchi mutaxassislar tomonidan olib borilgan nazorat ishlariga ko`ra, ob`ektlarda 127,9 km ichimlik suvi va 2,6 km oqova suv uchun transheya qazish ishlari amalga oshirilgan.
Amalga oshirilgan ishlar bilan birga, Dastur doirasidagi viloyat aholisi ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash tadbirlari ijrosini ta`minlashda qator muammo va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Pudrat tashkilotlari tomonidan 79,1 km ichimlik suvi va oqova suv tarmog`ini qurish va rekonstruksiya qilish hamda 2 suv inshootini rekonstruksiya qilish ishlar amalga oshirilgan bo`lsa-da, amalda mazkur ob`ektlarning loyiha smeta hujjatlari sohaviy espertizadan o`tmaganligi sababli, may-iyun oylarida bajarilgan ishlar uchun hisobvaraq fakturalar rasmiylashtirilmagan.
Shuningdek, 12 ta suv ta`minoti ob`ektlari qurilish bo`yicha loyihachi tashkilot tomonidan loyiha smeta hujjatlari va ekspertiza xulosalari buyurtmachiga taqdim etilmagan.
Qo`shrabot tumani “Jonbuloq” MFY Mijg`on qishlog`i va Poyariq tumani “Baxrin” MFY Baxrin qishlog`i aholisini ichimlik suvi bilan ta`minlash uchun mazkur hududlardagi er osti suvlarining belgilangan standart talablariga nomuvofiqligi sababli Zarafshon gidrogeologiya stansiyasi tomonidan xulosa berish rad etilgan.
Natijada bugungi kunga qadar muammo hal etilmaganligi sababli mazkur ob`ektlarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun mablag` (dastlabki avans to`lovi) ajratilmagan va ichimlik suvi tarmog`ini yotqizish ishlari boshlanmagan.
Qolgan 33 ta ob`ektda joriy yilning 13 iyuliga qadar amalga oshirilgan qurilish-ta`mirlash ishlari, joriy yilning may va iyun oylari uchun tasdiqlangan ishlarni bajarish grafigiga nisbatan ortda qolib 8,5 mlrd so`mlik qurilish-montaj ishlari muddatida bajarilmasdan kechiktirilmoqda.
Qurilish ishlarining sust ravishda olib borilishi, qazilgan transheyalarga quvurlar yotqizilib, o`z vaqtida ko`milmasligi (50 kmga yaqin) natijasida aholi uchun noqulaylik keltirib chiqarib, mahalliy hokimiyat organlariga hamda mahalliy Kengash deputatlariga shikoyat tarzidagi murojaatlar soni oshgan.
Majlisda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar va xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitalari hamda Mahalliy hokimiyat vakillari organlari faoliyatini kuchaytirishga ko`maklashuvchi komissiya Vazirlar Mahkamasi hamda Toshkent viloyati hokimligi mutasaddilari bilan birgalikda bir oy muddatda mummoni hal qilish choralarini ko`rishi va natijasi bo`yicha axborot kiritishi, shuningdek, keyingi yalpi majlisda ushbu masala bo`yicha tegishli mansabdor shaxslarning axborotini eshitish belgilandi.






