Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti klubida bolalar va o`smirlar o`rtasida konkur (to`siqlarni oshib o`tish) bo`yicha xalqaro musobaqalar bo`lib o`tmoqda.
25-27 mart kunlari bo`lib o`tishi belgilangan mazkur “millatlar kuboki”da O`zbekiston, Rossiya, Germaniya, Qozog`iston va Qirg`izistondan yosh sportchilar ishtirok etishmoqda.
Musobaqalarning birinchi kuni ilk bosqichda 21 nafar sportchi ishtirok etdi. Umumiy natijalar bo`yicha yosh hamyurtimiz Abdushukur Sobirjonov “Remteker” laqabli otida 1230 ball to`pladi va birinchilikni qo`lga kiritdi. Ikkinchi o`rinni olgan yana bir o`zbekistonlik A`zam Rahmatov “Tayson” laqabli oti bilan 1200 ball to`pladi. Uchinchi o`rin ham hamyurtimiz Nodir Mirsaidovga nasib etdi. U “Navro`z” laqabli otda 1140 ball to`play oldi.
Ikkinchi bosqichda ham yosh chavandozlarimiz peshqadamlikni qo`ldan berishmadi. Mirrauf Odilov “Rijana” laqabli otda belgilangan masofani 42,56 soniyada bosib o`tli va mutlaq g`olib deb topildi. Ikkinchi va uchinchi o`rinlar 45,11 soniyalik natija ko`rsatgan Abdushukur Sobirjonov hamda belgilangan masofani 45,18 soniyada bosib o`tgan A`zam Rahmatovga nasib etdi.
Bugun ushbu musobaqalar doirasida jamoaviy bellashuvlar bo`lib o`tdi. Har bir mamlakat vakillari o`z tulporlari bilan belgilangan to`siqlarni oshib o`tib, tez va bexato marraga etib kelishga harakat qilishdi. Yakuniy natijalarga ko`ra “O`zbekiston-2” jamoasi birinchi, “O`zbekiston-1” jamoasi ikkinchi o`rinni egalladi. “Rossiya-2” jamoasi vakillari g`oliblik shohsupasining uchinchi pog`onasini zabt etishdi.
Ertaga musobaqalarning gran-pri bahslari bo`lib o`tishi ko`zda tutilgan.





