Fuqarolarga kredit evaziga avtomashinalarni olib berishni va`da qilib, pullarini firibgarlik bilan o`zlashtirgan “LR LAND ROVER” MChJ mas`ullariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi.Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati bu haqda xabar qildi.
Ma`lum bo`lishicha, Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro viloyat hokimining messenjeriga ariza bilan murojaat qilib, 2020 yil may oyida Samarqand shahri Dahbet ko`chasida joylashgan “LR LAND ROVER” MChJga kredit asosida “Jentra” rusumli avtomashina olish uchun murojaat qilgangini, ular o`rtasida shartnoma tuzilganidan keyin, ma`lum bir muddatga ushbu mashinani boshqa bir fuqaro nomiga rasmiylashtirib, jadval asosida belgilangan muddatda to`lovlarni amalga oshirish sharti bilan avtomashinani berganligini, u tomonidan to`lov vaqtida amalga oshirib kelinayotganligi, 2021 yil iyun oyida jamiyat direktori M.M. unga telefon qilib, “transport vositasini nomingizga rasmiylashtirib beramiz”, deb chaqirtirib, avtomashinani olib qo`yganligini va hozirgi kunga qadar avtomashinani rasmiylashtirib bermasdan kelayotganligini bildirgan.
Mazkur arizaga asosan, Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, “LR LAND ROVER” MChJ raxbari M.M. yuqoridagi holatdan tashqari, bir qator fuqarolarni aldab ishonchiga kirib, mol-mulkini qo`lga qiritayotganlini aniqlangan.
Jumladan, B.Sh. va boshqalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib, unda ushbu jamiyat direktori M.M.
10-15 kun muddat ichida turli rusumdagi avtomashinalarni olib berishni va`da qilib, ulardan 2019 yil oktyabr oyidan va 2020 yil noyabr oyiga qadar bo`lgan davrda ulardan 50 mln. so`mdan 120 mln. so`mgacha pul mablag`larini olib, hozirgi kunga qadar avtomashina olib bermasdan aldab kelayotganligi bois, direktori va jamiyatning boshqa xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Shuningdek, o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, “LD LAND ROVER” MChJ direktori fuqarolarga avtotransport vositalarini 1 ish kuni va boshqa qisqa muddatlarda sotib olib berishni va`da qilib, ularning ishonchiga kirib, 2019 yil oktyabr oyidan 2021 yil may oyiga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida firibgarlik yo`li bilan 16 nafar fuqaroning jami 550.479.685 so`m pul mablag`larini qo`lga kiritib, fuqarolarga avtotransport vositalarini etkazib bermasdan va ushbu pul mablag`larini jamiyat hisob raqamiga kirim qilmasdan, o`zining ehtiyojlariga sarflab yuborganligi aniqlangan.
"Mazkur yuzasidan hozirda joriy yilning 29 iyul kuni Samarqand shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan MChJ direktori M.M. va jamiyatning boshqa mas`ul shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda."-deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu MChJ dan jabr ko`rgan fuqarolar Samarqand shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limiga murojaat qilishlari so`ralmoqda.