1

Xayrullo Bozorov davolanish ta`tilida bo`lib turgan vaziyat fonida hokim tadbirkordan 400 ming dollar pora olgani haqida asossiz xabar tarqatildi — Adliya vazirligi

Jamiyat 30.07.2021, 20:05
Xayrullo Bozorov davolanish ta`tilida bo`lib turgan vaziyat fonida hokim tadbirkordan 400 ming dollar pora olgani haqida asossiz xabar tarqatildi — Adliya vazirligi

Adliya vazirligi shaxsning qadr-qimmati qonun himoyasida ekanini eslatib, OAVga murojaat qildi. 

"Shu kunlarda Farg`ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning davolanish ta`tilida bo`lib turganli bilan bog`liq vaziyat fonida media-makonda boshqa asossiz ma`lumotlar ham tarqatildi.

Xususan, “Bugun.uz” nashri Farg`ona viloyati hokimi “tadbirkordan 400 ming dollar pora olgani aytilmoqda” deb nomlagan xabar e`lon qilib, unda atayin axborotni manipulyasiya qilgan holda asossiz ma`lumot tarqatgan.

Xuddi shunga o`xshash material “Effect.uz” saytida ham e`lon qilindi.

Ushbu xabarlar bo`yicha keyinchalik tegishlicha raddiyalar berilgan bo`lsa-da, birinchi tarqatilgan xabar O`zbekiston qonunchiligidagi ommaviy axborot vositalariga nisbatan belgilangan qoidalar va sohadagi mavjud tamoyillarga mos emasligini ta`kidlash lozim. Chunki huddi shunday noxolis va tekshirilmagan axborotni tarqatish orqali har qanday insonning ishchanlik obro`si, sha`ni va qadr qimmatiga putur etkazish mumkin. Keyinchalik raddiyalar berish orqali esa, na dastlabki qonunchilikni buzilish holatini yo`qqa chiqara olish mumkin, na keltirilgan ma`naviy ziyonning o`rni qoplanadi.

Shu o`rinda Adliya vazirligi ommaviy axborot vositalariga quyidagi amaldagi qonun talablariga rioya qilish lozimligini eslatib o`tadi.

Birinchidan, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to`g`risida”gi Qonunning 11-moddasiga ko`ra, ommaviy axborot vositalari e`lon qilinayotgan axborotning to`g`riligini tekshirib ko`rishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to`g`riligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo`ladilar.

Ikkinchidan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, jurnalist o`zi tayyorlayotgan materiallarining to`g`ri yoki noto`g`ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilish jurnalistning majburiyati hisoblanadi.

Uchinchidan, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 
202-2-moddasiga muvofiq, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro`sizlantirilishiga olib keladigan yolg`on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog`ida tarqatish javobgarlikka sabab bo`ladi.

To`rtinchidan, Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga muvofiq, o`zining sha`ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi ma`lumotlar tarqatilgan fuqaro bunday ma`lumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida etkazilgan zararlar va ma`naviy ziyonning o`rnini qoplashni talab qilishga haqlidir.

Shu bilan birga, O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2019 yil 17 iyuldagi IV konferensiyasida qabul qilingan O`zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksida jurnalist shaxs sha`ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo`l qo`ymasligi belgilangan.

YuNESKO tomonidan 1983 yilda qabul qilingan Jurnalistikada kasb etikasi xalqaro prinsiplariga ko`ra, jurnalist o`zining ijtimoiy mas`uliyatini his qilishi lozim, ya`ni jurnalist nafaqat qonun oldida, balki jamoatchilik oldida ham mas`uldir.

Yuqoridagi materiallarda mas`ul mansabdor shaxsning go`yoki o`ta og`ir jinoyat sodir etganligi haqida xabar berilib, jurnalistik etika standartlari chegaralaridan chiqilganligi yaqqol ko`rinib turibdi.

Adliya vazirligi so`z va fikr erkinligi O`zbekistonning demokratik taraqqiyotini harakatga keltiruvchi kuch ekanligini yana bir bor e`tirof etgan holda, ommaviy axborot vositalarining qonun oldidagi mas`uliyati fuqarolarga nisbatan bir necha karra yuqori ekanligini ham ta`kidlaydi.

O`zbekiston axborot makoni va tarqatilayotgan axborotlar nafaqat qonunchilikka, balki jurnalistika sohasidagi odob-ahloq qoidalariga to`la mos bo`lishi, kelajakda yurtimizda sog`lom ijtimoiy-siyosiy muhit va jamiyatda konstruktiv muloqot yaratilishi uchun juda muhim omil ekanligini unutmaslik lozim", - deyiladi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi tomonidan taqdim etilgan eslatmada. 

Eslatib o`tamiz, avvalroq, Farg`ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 27 iyundan boshlab Toshkent shahrida chuqurlashtirilgan tibbiy davolanishda bo`lib turgani xabar qilingan edi. Hokim sekvestrlangan bel umurtqa churrasi diagnozi bilan bel sohasida kichik jarrohlik amaliyotini o`tkazgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1