O`zbekistonda joriy yil 1 avgustdan boshlab kuzatiladigan o`zgarishlar ma`lum qilindi. Unga ko`ra:
Prezident Farmoniga asosan elektron hukumatni rivojlantirish doirasida jismoniy va yuridik shaxslarga barcha belgilangan davlat bojlari, yig`imlar, jarimalar va boshqa majburiy to`lovlarni elektron to`lov tizimlaridan foydalangan holda onlayn rejimda to`lash imkoniyati taqdim etiladi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi 258-son qaroriga ko`ra:
a) xizmat avtotransport vositalari:
respublika davlat boshqaruvi organlarida, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarida rahbarlar hamda ularning o`rinbosarlariga;
respublika davlat boshqaruvi organlari tizimidagi tashkilotlarda hamda ularning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo`linmalarida birinchi rahbarlarga shaxsan biriktiriladi;
b) respublika davlat boshqaruvi organlarida xizmat maqsadlarida davlat xaridlari to`g`risidagi qonun hujjatlariga muvofiq autsorsing shartlari asosida avtobus, taksi va boshqa avtotransport vositalari xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi.
Bunda:
autsorsing shartlari asosida avtotransport vositalarini jalb etish tashkilotning har 100 nafar boshqaruv va ishlab chiqarish xodimiga 1 ta avtotransport vositasi hisobida navbatchi xizmat avtotransport vositasi uchun belgilangan yo`l bosish yillik limitidan oshmasligi lozim;
autsorsing shartlari asosida jalb qilingan avtotransport vositalari xizmatlaridan respublika davlat boshqaruvi organlarida foydalanish ushbu organ rahbari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yangi tipdagi davlat raqami belgilari bilan qayta ro`yxatdan o`tkazilmagan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli xizmat avtotransport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi 271-son qaroriga ko`ra, o`quv guruhlarini ro`yxatga olish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlarni YaIDXP orqali ham taqdim etish imkoniyati yaratiladi.






