AsosiyJamiyat

Qashqadaryo va Samarqandda o`qishga kiritish bilan bog`liq firibgarlik holatlari aniqlandi

'Qashqadaryo va Samarqandda o`qishga kiritish bilan bog`liq firibgarlik holatlari aniqlandi'ning rasmi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi tuman bo`limi hamda DXXning Koson tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.J. firibgarlik yo`li bilan o`zganing mulkini qo`lga kiritish maqsadida, fuqaro N.ni 700 AQSh dollari evaziga Qirg`iziston Respublikasidagi oliy ta`lim muassasalaridan biriga tanishlari orqali o`qishga kiritib qo`yishni va`da qilib, shundan 200 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.  

Xuddi shunday, Departament hamda DXXning Samarqand viloyati boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand Temir yo`l texnikumi talabalar yotoqxonasi tarbiyachisi vazifasida ishlovchi O`.B. fuqaro Sh.ni ushbu texnikumiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departament hamda Milliy gvardiyaning Samarqand viloyat boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand shahridagi jamoat salomatligi texnikumi o`qituvchisi S.X. fuqaro D.ning qizini, tanishlari orqali ushbu texnikumga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

Departament fuqarolarga murojaat bilan chiqdi:

Hurmatli ota-onalar va abiturientlar!

Bugungi kunda, Respublikamizda mavjud 141 ta oliy ta`lim muassasalarining barchasiga onlayn hujjat topshirish va o`qishga kirish borasida keng imkoniyatlar yaratilgan bo`lib, ya`ni har bir abiturient bir vaqtning o`zida mos ta`lim yo`nalishi bo`yicha  5 tagacha OTM larga hujjat topshirishi, shu bilan birga kirish imtihonlaridan etarlicha ball to`plolmagan taqdirda kontrakt yoki oshirilgan kontrakt to`lovlarini amalga oshirish orqali ham talaba bo`lish imkoniyati yaratilgan.

Shunday ekan, oliy ta`lim muassasalariga hujjat topshirishda, o`qishga kirishda ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida harakat qilishingizni, firibgarlar tuzog`idan ehtiyot bo`lishingizni so`rab qolamiz.

Boshqa yangiliklar