Maxsus qurilma YPX mashinalarining tom qismiga o`rnatilmoqda. Bu haqda YHXBB ma`lum qilmoqda.
Uning old, orqa va yon tomonida kuzatuv kameralari bo`lib, transport vositasi to`xtab turgan vaqtida ham 360 gradus radiusga ega bo`lgan masofada haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni aniqlaydi.
Qurilma qarama-qarshi yo`nalishdagi transport vositalari haydovchilari tomonidan to`xtash va to`xtab turish, harakatlanish tezligini oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog`iga amal qilmaslik, taqiqlovchi chiroqda to`xtab turgan vaqtida to`xtash chizig`ini bosish qoidabuzarliklarini, shuningdek davlat raqami belgisi orqali avtomobilning qidiruvda yoki yo`qligini aniqlaydi.
Qoidabuzarliklar onlayn tarzda qayd etiladi va yashash manziliga jarima qo`llash to`g`risidagi qaror yuboriladi.
Qurilma hozirda Toshkent shahrida sinovdan o`tkazilmoqda. Sinov yakunlangandan so`ng respublikaning barcha hududlarida qo`llash rejalashtirilgan.






