Sir emas, hozirgi kunda bolalar o`rtasida ko`zoynak taquvchilar soni ko`p uchramoqda. Shifokorlarning fikricha, ko`zdagi kasallikning rivojlanishi kichkintoylarning ko`zi ertaroq yoshida tekshirilayotganiga bog`liq. Respublika ko`z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov bolalarda uchraydigan ko`z kasalliklaridan himoyalanish sirlari haqida so`zlab berdi :
– Hozirgi kunda bolalar o`rtasida ko`zoynak taquvchilar soni ko`p uchramoqda. Bu bir tomondan endilikda kichkintoylarning ko`zi ertaroq yoshida tekshirilayotganiga bog`liqdir. Shu tufayli ularda ko`rish nuqsonlari o`z vaqtida aniqlanadi. Ikkinchi tomondan, ko`zga barvaqt zo`riqish kelishi (masalan, mobil telefonga ko`p tikilish, soatlab televizor ekrani oldida o`tirish tufayli) maktab yoshidagi va maktabgacha yoshdagi bolalarda yaqindan va uzoqni ko`rolmaslik avj olishiga olib kelmoqda. Bunday vaqtda noto`g`ri tanlangan ko`zoynak ko`z optik tizimining me`yoriy rivojlanishini izdan chiqaradi va ko`rish faoliyatiga zarar etkazishi ham mumkin. To`g`ri tanlangan ko`zoynak kishiga katta yordam beradi, ya`ni atrofdagi narsalarni yaxshiroq ko`rishiga imkon yaratadi. Hatto keyinchalik ko`rish quvvatini tiklashi ham kuzatilgan. Yaxshi tanlangan gardish yuz ko`rinishini buzmaydi, uni bir qadar chiroyli kursatadi.
– Ko`zoynakning yuz tuzilishiga muvofiq bo`lishi salomatlik uchun qanchalik foydali?
– Ko`zoynak tanlashda gardishning yaxshi o`rnashganligiga e`tibor berish kerak. Kishilarning yuz tuzilishi turlicha bo`lganligi sababli goho yuzga mos keladigan gardishni tanlash kiyin. Demak, gardishni, albatta, mutaxassis tanlab berishi lozim.
Gardish burun va quloqni og`ritmasligi va shu bilan birga oynaklarning ko`zga nisbatan to`g`ri joylashuvini ta`minlashi hamda ko`z qorachig`i orasidagi masofaga mos kelishi kerak.
Himoya ko`zoynaklari qulay va engil bo`lishi lozim. Ko`zni juda o`tkir nurdan himoya qilish uchun ko`ng`ir, ko`k, sarg`imtir, kulrang yoki yashil kulrang oynakli ko`zoynaklar qo`llaniladi.
Zaharli bug` va gazlar bor joyda ishlaydiganlar uchun yarim niqobli yoki protivogazli ko`zoynaklar ishlatiladi. Himoya ko`zoynagini, albatta, mutaxassis shifokor ishtirokida tanlash kerak. Bunday ko`zoynakni ishdan keyin toza latta bilan artib qutichaga yoki maxsus niqobga solib qo`ygan ma`qul.