AsosiyJamiyat

“Bizni qul qilib sotib yuborganmisizlar", deb murojaat qilgan o`zbekistonlik migrantlar bo`yicha Senat ma`lumot berdi

'“Bizni qul qilib sotib yuborganmisizlar", deb murojaat qilgan o`zbekistonlik migrantlar bo`yicha Senat ma`lumot berdi'ning rasmi

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federasiyasiga ishga borgan bir guruh o`zbekistonlik mehnat migrantlarining ularga va`da qilingan oylik maoshlari berilmayotgani haqidagi murojaati tarqalgani haqida xabar bergan edik.

Shundan so`ng, holat yuzasidan Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lumot bergan. 

Senat o`rganish natijalari hamda olingan ma`lumotlarga ko`ra, quyidagilarni ma`lum qildi:

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Rossiyaning Karachaevo-Cherkesiya Respublikasidagi “Yujny Agrokombinat” AJ o`rtasida 2021 yil 14 iyun kuni kelishuv shartnomasi imzolangan. Shartnoma shartlariga muvofiq, 400 nafar fuqarolar qishloq xo`jaligi sohasida ishlashi uchun ish beruvchi tomonidan tanlab olinishi, ishga jalb qilinishi va ularing oylik maoshlari 33 ming rubldan 50 ming rublgacha tashkil etishi belgilangan.

Fuqarolarning aviachipta va hujjatlarni rasmiylashtirish (patent) xarajatlari ish beruvchi hisobidan to`langan, ushbu xarajatlar keyinchalik fuqarolarning oylik maoshlaridan qisman ushlab qolinishi, fuqarolar
1 yil ishlasa, ushlab qolingan xarajatlar ish beruvchi tomonidan to`liq qoplab berilishiga kelishilgan.

Joriy yilning 16 iyun kuni ish beruvchi va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Andijon viloyati filiali tomonidan tanlov o`tkazilib, 150 nafar fuqarolar tanlab olingan hamda 23 iyun kuni 63 nafari, 29 iyun kuni 22 nafari, 4 iyul kuni 16 nafari va 5 iyul kuni 42 nafari “Yujny Agrokombinat” AJga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilgan.

Fuqarolar ish joyiga etib borganidan so`ng, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga telefon orqali mehnat va yashash sharoitlari noqulayligi hamda pasport hujjatlari ish beruvchi tomonidan olib ko`yilganligi to`g`risida bir qator murojaatlar kelib tushgan.

Shu sababli, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshlig`i o`rinbosari boshchiligida Ishchi guruh tuzilib, joriy yilning 14 iyul kuni Rossiya Federasiyasiga uchib borgan va mazkur korxonada bo`ldi.

Ishchi guruh korxona rahbariyati va fuqarolar bilan uchrashib, ularning murojaatlarida ko`tarilgan masalalar bo`yicha muzokara olib borgan.

Ish beruvchi fuqarolarning pasportlari migrasion qaydga qo`yish va ishlash uchun patent rasmiylashtirish maqsadida olinganligi hamda fuqarolarning birinchi talabi bilan qaytarib berilishi ma`lum qilindi.

Korxona rahbari o`zbekistonlik ishchilar bilan mehnat munosabatlarini qonunga muvofiq rasmiylashtirishi, barcha sharoitlarni yaratib berishi hamda bugungi kunda yana 500 nafar qo`shimcha ishchi kuchi jalb qilish rejasi borligini ma`lum qilgan.

Hozirgi kunda mazkur korxonada 155 nafar O`zbekiston fuqarolari mehnat faoliyatini amalga oshirayotganligi, shundan 46 nafari 2019 yildan buyon Samarqand viloyatidan kelib ishlayotganliklari va 109 nafari Andijon viloyatidan joriy yil iyul oyida kelganligi ma`lum qilindi.

Ishchi guruh korxona rahbariyati bilan O`zbekiston fuqarolarining yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o`z vaqtida to`lab berish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish bo`yicha kelishuv dalolatnomasini rasmiylashtirgan.

Korxonada ishlayotgan O`zbekiston fuqarolariga ushbu kelishuvning mazmun-mohiyati, oylik maoshlarini to`lash tartibi, ish vaqti va hujjatlar rasmiylashtirish jarayonlari tushuntirilgan. Jumladan, fuqarolar videomurojaatida aytib o`tilgan 125-130 rubl miqdoridagi maosh bir kunlik emas, balki bir soatlik ish haqi ekanligi ma`lum qilingan.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan videomurojaat bir soatga to`lanadigan ish haqi bir kunga beriladi deb, noto`g`ri tushunish oqibatida joriy yilning 15 iyul kuni, ya`ni murojaat yozgan fuqarolar ish boshlagan birinchi kunida olinganligi ma`lum bo`lgan.

Bugungi kunda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va uning Rossiya Federasiyasidagi vakolatxonasi tomonidan ushbu korxonada faoliyat olib borayotgan fuqarolar bilan muntazam ravishda aloqa o`rnatilib, ularning yashash va ishlash sharoitlari doimiy nazoratga olingan, 2021 yil 29 iyul kuni korxonaga takroran ishchi guruh xizmat safariga yuborilgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda yukoridagi videomurojaat joylashtirilganidan bir kun o`tib uning muallifi N.Nazirov tomonidan murojaatdagi vajlar asossizligi va anglashilmovchiliklar bo`lganligi to`g`risidagi murojaat ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar