So`nggi vaqtlarda futbol bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi va "Jenoa" klubi a`zosi Eldor Shomurodov bilan Rimning "Roma" klubi qiziqayotgan edi. Rimliklar hamyurtimizni keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijara olishi haqida xabar ham bergan edik.
Biroq, "Roma" klubi rahbariyati Eldorga katta ishonch bildirdi va uning transfer huquqini to`liq sotib oldi. Kelishuv 17,5 million evroga amalga oshdi. Endi Shomurodov 2026 yilning 30 iyuniga qadar “bo`ri”lar sharafini himoya qiladi.
"Roma" faoliyatimda oldinga siljishni anglatadi: men bu futbolkaga munosib ekanligimni isbotlash va dunyoning eng mashhur klublaridan birida o`z o`rnimni topish uchun astoydil harakat qilaman. Muzokaralarning tez yakunlangani menda murabbiyimiz Joze Mourinio shogirdlari safiga qo`shilish istagimning kuchli ekanligidan darak beradi”, - dedi Shomurodov rimliklar bilan shartnoma imzolagandan keyingi birinchi intervyusida.
Bungacha O`zbekistonda “Mash`al”, “Bunyodkor” hamda Rossiyaning "Rostov" jamoalarida to`p tepgan Shomurodov o`tgan mavsum Italiyaning "Jenoa" klubiga ko`chib o`tdi. A seriyadagi ilk mavsumida u 32 ta o`yinda maydonga tushdi va 8 ta gol kiritdi.
O`zbekiston milliy terma jamoasi uchun Shomurodov 49 ta o`yin o`tkazib, 22 ta gol urgan.
Eldor Shomurodov "Roma" safida 14-raqam ostida to`p tepadi.






