Internet tarmoqlarida “Sputnik V” vaksinasining komponentlari etishmovchiligi kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Bunga javoban, Sog`liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma`lum qildi:
Shu kunga qadar mamlakatimizga 370 ming doza “Sputnik V” vaksinasi olib kelingan. Ularning 230 000 dozasi 1 – komponent, 140 000 dozasi 2-komponent hisoblanadi.
2021 yil 4 avgust holatiga ko`ra, 341 260 doza “Sputnik V” emlash jarayonlarida qo`llanilgan bo`lib, 212 818 nafar shaxs vaksinaning faqat birinchi dozasini olgan. 128 442 nafar fuqaro 2-dozani ham qabul qilib, to`liq emlangan.
Ma`lum bo`lmoqdaki, vaksinaning har ikkala komponentlari miqdori tenglashishi uchun yurtimizga yana 90 ming doza vaksina keltirilishi kerak. “Sputnik V”ning 90 ming dozalik 2-komponenti yaqin kunlarda yurtimizga keltirilishi kutilmoqda.
Qolaversa, Gamaleya nomli ilmiy tadqiqot instituti direktori Aleksandr Ginsburg va sohaning qator nufuzli olimlari “Sputnik V” vaksinasining birinchi va ikkinchi komponentlari bilan emlanish oralig`ini 21 kundan 90 kungacha uzaytirish mumkinligini ma`lum qilishgan.
Xulosa qilish mumkinki, vaksinaning komponentlarini qabul qilish oraliq muddati uzayishi ham uning ta`sir kuchiga monelik qila olmaydi.
Eslatib o`tamiz, Olmaliq shahridagi “Jurabek laboratories” qo`shma korxonasida ham koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Shu yilning 29 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoev ushbu korxona faoliyati bilan tanishgan edi.






