“Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–5212-son, 05.08.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Qarorga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ot sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar sport maktablari (Chavandozlar maktablari) va ularning tuman (shahar) seksiyalari tashkil qilindi.
Chavandozlar maktablari Milliy gvardiya tizimiga kiradi hamda maktabdan tashqari sport-ta`lim muassasasi hisoblanadi.
️ Mazkur maktablar ot sporti (uchkurash, to`siqlardan sakrash va ot yo`rttirish), zamonaviy beshkurash, polo hamda uloq-ko`pkariga ixtisoslashtiriladi.
️ Ular o`z faoliyatini 2022 yil 1 martdan boshlaydi, shuningdek, razryadli va unvonli sportchilar tayyorlash tizimi joriy etiladi.
Chavandozlar maktablarining tuman (shahar) seksiyalari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilinadi.
Buning uchun xususiy sherikka (investorga):
- milliy valyutada ajratilgan kreditlarning 10 milliard so`mdan oshmagan qismi bo`yicha kredit foizi stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko`p bo`lmagan qismi;
- xorijiy valyutadagi kreditlarning 10 milliard so`m ekvivalentidan oshmagan qismi bo`yicha foiz xarajatlarining tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foizdan ko`p bo`lmagan qismi 3 yil mobaynida kompensasiya qilinadi.
Chavandozlar maktablari direktori Milliy gvardiya qo`mondoni tomonidan lavozimga tayinlanadi.
2022 yil 1 martdan Chavandozlar maktablari faoliyati samaradorligi bo`yicha reyting tizimi joriy qilinadi hamda uning natijalariga qarab xodimlar har yili BHMning 10 baravarigacha (2 mln 450 ming so`mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag`batlantiriladi.
2022 yildan boshlab har yili “Eng yaxshi chavandoz”, “Eng yaxshi trener” tanlovlari tashkil etilib, g`oliblar BHMning 10 baravaridan 30 baravarigacha (2 mln 450 ming so`mdan 7 mln 350 ming so`mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag`batlantiriladi.
Qaror bilan shuningdek, Chavandozlar maktablarida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan, o`z mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladigan Ippoterapiya markazlari tashkil qilinadi.






