6 avgust kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan sammitda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev, Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy osiyo bo`yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo ulkan geostrategik va geoiqtisodiy ahamiyatga ega mintaqa. Bu erda 74 milliondan ortiq aholi yashaydi. Ularning tarixi va madaniyati, mamlakatlarimizning iqtisodiyoti va infratuzilmasi bog`lanib ketgan.
Davlatimiz rahbari bir necha bor ta`kidlaganidek, mintaqa mamlakatlari oldida umumiy sa`y-harakatlar bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdek bosh maqsad turibdi. Bu maqsadga erishish, mintaqa salohiyatini to`la yuzaga chiqarish, o`zaro ishonch, yaxshi qo`shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.
Bu hayotiy tashabbus qardosh xalqlarimizning manfaatlariga mos bo`lgani uchun keng qo`llab-quvvatlandi va tezda amalga oshdi. Birinchi sammit 2018 yil mart oyida Qozog`iston poytaxti Nur-Sulton shahrida, ikkinchisi esa 2019 yil noyabrda Toshkent shahrida bo`lib o`tgan edi.
Avazada tashkil etilgan navbatdagi uchrashuv ham g`oyat muhim va mazmunli bo`ldi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o`z nutqida umumiy siyosiy iroda va birgalikdagi sa`y-harakatlar tufayli bugun mintaqamiz yaxshi qo`shnichilik, o`zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanib borayotganini ta`kidladi.
- Bu erda yangi siyosiy muhitni shakllantirishda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlarining o`rni beqiyos. Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlarimiz mintaqaning betakror salohiyatini to`liq ro`yobga chiqarishga xizmat qilmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlatimiz rahbari dolzarb masalalar yuzasidan o`z nuqtai nazarini bayon qildi va qator takliflarni ilgari surdi.
Bugungi voqelik Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish bo`yicha qat`iy qadamlarni amalga oshirishni taqozo etayotgani ta`kidlandi. Yangi o`sish nuqtalarini, uzoq muddatli istiqbolga mo`ljallangan yangi rivojlanish drayverlarini aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Mintaqadagi savdoni kengaytirish zarurligi, to`laqonli erkin savdo rejimiga o`tish maqsadida mavjud to`siqlarni bartaraf etish muhim ekani qayd etildi. Sanoat kooperasiyasi, innovasiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hisobiga uzun qo`shilgan qiymat zanjirlarini yaratish mumkin.
Buning uchun mamlakatlarimiz tadbirkorlari va hududlari o`rtasidagi bevosita aloqalarni rag`batlantirish, investisiya va iqtisodiy forumlarni muntazam o`tkazib borish lozimligi ta`kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoev Savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo`nalishlari to`g`risidagi bitimni qabul qilish fursati kelganini aytdi.






