AsosiyDunyo

Prezident Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasida emlash sertifikatlarini tan olish bo`yicha yagona axborot tizimini ishga tushirishni taklif qildi

'Prezident Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasida emlash sertifikatlarini tan olish bo`yicha yagona axborot tizimini ishga tushirishni taklif qildi'ning rasmi

6 avgust kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvda Davlatimiz rahbari dolzarb masalalar yuzasidan o`z nuqtai nazarini bayon qildi va qator takliflarni ilgari surdi.

Pandemiyaga qarshi kurashishda yaqindan muvofiqlashuv va o`zaro yordam masalalariga ham to`xtalib o`tildi.

Shavkat Mirziyoev shu maqsadda test natijalari va emlash sertifikatlarini tan olish bo`yicha yagona axborot tizimini ishga tushirish, yuqumli kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash, tibbiyot xodimlarini tayyorlash sohasidagi tajriba almashishni kengaytirish, farmakologiya sohasida ilmiy hamkorlikni hamda hayotiy muhim dori vositalarini ishlab chiqarishda kooperasiyani yo`lga qo`yish takliflarini ilgari surdi.

Shuningdek, Davlatimiz rahbari mintaqaning ekologik muammolari hamisha diqqat markazida turishi kerakligini ta`kidladi. Bu boradagi hamkorlik ko`lamini kengaytirish, Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish bo`yicha barcha choralarni ko`rish zarur.

Shu ma`noda O`zbekiston Prezidenti mamlakatlarimizning iqlim o`zgarishlariga moslashishiga, resurs tejovchi texnologiyalarning yana keng joriy etilishiga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo uchun “yashil” kun tartibi” mintaqaviy dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.

O`zbekiston etakchisi mintaqamizning dunyoning boshqa yirik mintaqalari bilan aloqalarini mustahkamlash muhim ekanini qayd etdi. Yaqinda Toshkent shahrida o`tgan Markaziy va Janubiy Osiyoning o`zaro bog`liqligi bo`yicha xalqaro konferensiyani qo`llab-quvvatlagani va delegasiyalari uning ishida faol ishtirok etgani uchun davlat rahbarlariga minnatdorlik bildiri. 

Umumiy sa`y-harakatlar bilan ushbu masala bo`yicha BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyusiyasi qabul qilinishi, bu jarayonda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markazi ham faol ishtirok etishiga ishonch bildirildi.

 

    Boshqa yangiliklar