AsosiyDunyo

Prezident kelgusi yilda O`zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o`tkazishni taklif etdi

'Prezident kelgusi yilda O`zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o`tkazishni taklif etdi'ning rasmi

6 avgust kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvda Davlatimiz rahbari dolzarb masalalar yuzasidan o`z nuqtai nazarini bayon qildi va qator takliflarni ilgari surdi.

- Mamlakatlarimiz taraqqiyotida mintaqa aholisining aksariyatini tashkil etayotgan yoshlar naqadar muhim o`rin tutishini barchamiz anglab turibmiz. Butun dunyoda yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash davom etayotgan bugungi kunda Markaziy Osiyo kelajagining hal qiluvchi kuchi bo`lgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari kelgusi yilda O`zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o`tkazishni taklif etdi. Bu mamlakatlarimiz hukumatlari va yoshlari o`rtasida ishonch va do`stlikni mustahkamlash, ular o`rtasida interfaol muloqotni yo`lga qo`yish uchun platforma shakllantirishga muhim qadam bo`ladi.

Umumiy madaniy-tamadduniy makonimizni yanada rivojlantirish xalqlarimiz o`rtasidagi qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashning muhim omilidir.

O`zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoning madaniy merosiga bag`ishlangan festivallar, madaniyat va kino kunlarini o`tkazish, birgalikda kitoblar nashr qilish muhim ekanini ta`kidladi.

Xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan yana bir omil bu – turizm sohasi. Mintaqa ichida sayyohlar almashinuvini ko`paytirish uchun qo`shimcha rag`batlardan faol foydalanish muhimdir.  

Davlatimiz rahbari turizm mahsulotlarining butun doirasini qamrab oladigan “Bir sayohat – butun mintaqa” qo`shma dasturini amaliy ro`yobga chiqarishga kirishish taklifini ilgari surdi.

- Bugungi sammit muhim voqea– davlatlarimiz mustaqilligining o`ttiz yilligi arafasida o`tayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Bu yillar barchamiz uchun mushkul davr bo`ldi. Asosiy xulosa – birgalikda, jips bo`lib, bir-birimizni qo`llab-quvvatlab, oldimizda turgan muammolarning echimiga erishamiz, mintaqaning barqaror taraqqiyoti va aholi farovonligini oshiramiz. Boshqa muqobil yo`l yo`q! – dedi Prezident Shavkat Mirziyoev.

Mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga barqaror va ortga qaytmas tus berish, shu maqsadda “xalq diplomatiyasi”, parlamentlar, fuqarolik jamiyati institutlari va media sohasi salohiyatidan yana keng foydalanish muhim ekani qayd etildi.

- Markaziy Osiyo ayollari muloqoti yanada rivojlanayotgani, gender tenglik sohasidagi global maqsadlarga erishishga qaratilgan muloqotlar kengayib borayotganini olqishlaymiz, - deb ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.

Parlamentarizmning roli ortib borayotganini hisobga olib, Prezidentimiz Toshkent shahrida Mintaqaviy parlament forumini o`tkazishni taklif etdi.

O`z nutqini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvining natijalari Markaziy Osyoidagi birodar xalqlarning ko`p qirrali sherikligini yanada mustahkamlashga munosib hissa bo`lib qo`shilishiga ishonch bildirdi.

    Boshqa yangiliklar