“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MChJ kompaniyasi tomonidan 2020 yilda O`zbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan “O‘zbekistonda Yangi yil Promo-aksiyasi 2020” Promo-aksiyasi doirasida ko`plab qimmatbaho sovrinlar o`ynalgan hamda unda millionlab iste`molchilar ishtirok etgan va sovrinlarni qo`lga kiritgan.
Biroq bu kabi aksiyalarning o`tkazilishi bilan bog`liq jarayonlar va yutuqlarni o`z egalariga topshirilishida iste`molchilarning manfaati buzilmayaptimi degan savol yuzaga kelmoqda.
Jumladan, O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasiga kompaniya tomonidan o`tkazilgan Promo-aksiyada bosh sovrin hisoblangan “NISSAN SYLPHY” avtomobillaridan birining g`olibiga aylangan fuqaro Normatov Sayfiddin murojaat qilib, 2021 yil 14 yanvar kuni “ZO`R TV” telekanalidagi jonli efirda u tomonidan o`ynalgan “DIP440NR” proma kodli qopqoq g`olib deb topilgani, jonli efirda u bilan telefon orqali bog`lanishganligini hamda “NISSAN SYLPHY” avtomobilini qo`lga kiritganligini ma`lum qilishganligini, bundan judayam xursand bo`lganligini ma`lum qilgan.
Ammo, hozirda u tomonidan “Coca-Cola Classic” mahsulotini xarid qilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan “DIP440NR” proma kodli qopqog`i voyaga etmagan farzandi tomonidan chiqindi sifatida tashlab yuborilganligi sababli, unga yutuq sifatida chiqqan “NISSAN SYLPHY” avtomobili kompaniya tomonidan berilmasdan kelinayotganligini bildirgan.
Fuqaro Normatov Sayfiddin va uning turmush o`rtog`i harbiy bo`lib, aynan 14 yanvarda aksiya g`olibiga aylanishi ularning baxtiyorligini ikki karra oshirgan bo`lsa ne ajab.
O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi mazkur holat bo`yicha kompaniya rahbariyatiga rasmiy murojaat qilib, fuqaro Normatov Sayfiddinga yutuqli sovrinni topshirilishida amaliy yordam so`ragan. Lekin, kompaniya rasmiylari yutuq topshirilishi uchun albatta “DIP440NR” proma kodli qopqoq kompaniyaga topshirilishini so`rashgan.
Shundan so`ng, Federasiya fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirobod tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritgan.
Mazkur da`vo arizasi sud tomonidan ko`rib chiqilib, joriy yilning 1 iyulida Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirobod tumanlararo sudining qaroriga asosan, fuqaro S.Normatovni “O‘zbekistonda Yangi yil Promo-aksiyasi 2020” Promo-aksiyasi doirasida o`tkazilgan aksiya g`olibi sifatida e`tirof etish hamda «Nissan Sylphy» rusumli avtomobilni davogarga topshirish majburiyati «Coca-Cola Uzbekistan, LTD» MChJ kompaniyasi zimmasiga yuklatilgan.
Ammo, hanuz “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MChJ kompaniyasi fuqaroning yutug`ini topshirmasdan kelmoqda. Kompaniya mas`ullariga qilingan qo`ng`iroqlar esa javobsiz qolmoqda.
Kompaniya katta ehtimol bilan yutuqni bermaslik uchun sudning qarori ustidan appelyasiya shikoyati bersa kerak.
“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MChJ kompaniyasi tomonidan Markaziy Osiyodagi eng yirik iste`molchi bozoriga ega bo`lgan davlatda Promo-aksiyani o`tkazilishi kompaniyaning imijiga ham o`zining ijobiy ta`sir ko`rsatgan.
O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Xalqaro iste`molchilar tashkiloti (Consumers International)ning to`laqonli a`zosi sifatida “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MChJ kompaniyasi tomonidan o`tkazilgan Promo-aksiya ishini yuqori baholaydi.
Bugungi kunda yutuqli proma kodli qopqoq fuqaro tomonidan yo`qotilgan. Ammo, ushbu yutuqli proma kodli qopqoq mazkur fuqaroning nomiga rasmiylashtirilgan. Undan begona shaxslar foydalana olmaydi. Shuningdek, yutuqli proma kodli qopqoqni boshqa shaxs topib olib yutuqni olish imkoniyatiga ega emas. Sababi yutuqli “DIP440NR” proma kodli qopqoq fuqaro Normatov Sayfiddin (Normatov Sayfiddin) nomiga rasmiylashtirilgan.
O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi ushbu holatni o`rganib chiqib, xalqaro umume`tirof etilgan normalar va qadriyatlarga tayangan holda, inson, uning sha`ni va qadr qimmatini oliy darajadagi masala sifatida tan olib, fuqaro Normatov Sayfiddin (Normatov Sayfiddin)ga promo-aksiya g`olibi sifatida “NISSAN SYLPHY” avtomobilini topshirilishini maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Agarda shu holat g`arb mamlakatlarining birida sodir bo`lgandami, o`zini hurmat qilgan kompaniya darhol, hech qanday bahonalarsiz yutuqni o`z egasiga topshirgan bo`lar edi.
Nima ham der edik, “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MChJ kompaniyasiga insof bersin.
Ma`lumot uchun, bugungi kunda “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MChJning 57% davlat ulushini O`zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqarib kelmoqda.






