Kecha COVID-19ga qarshi vaksinalar sohasida hamkorlik bo`yicha xalqaro forum videokonferensiya shaklida o`tkazildi. Bu haqda hukumat portalida ma`lum qilindi.
XXR Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan tashkil etilgan va Xitoy Davlat kengashi a`zosi, tashqi ishlar vaziri Van I raislik qilgan ushbu forumda turli mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, BMT, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti, Vaksinalar va immunizasiya bo`yicha global alyans, Epidemiyaga tayyorgarlikni ta`minlash bo`yicha innovasiyalar koalisiyasi etakchilari, shuningdek, vaksina ishlab chiqaruvchilar qatnashgan.
Tadbirda O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari Behzod Musaev ishtirok etdi va nutq so`zlagan.
Anjuman ishtirokchilari COVID-19 vaksinalarining global jamoatchilik manfaati sifatida muhimligini ta`kidlash barobarida, barcha tomonlarni vaksinalarni yanada qulay va arzonlashtirish uchun sa`y-harakatlarni birlashtirishga chaqirgan. Vaksinasiya jarayonida hukumatlar, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlarga vaksinalarni ajratishga qaratilgan sa`y-harakatlar muhimligi qayd etilgan.
COVID-19ga qarshi emlash bo`yicha global vaksinani ishlab chiqarishni keng targ`ib qilish, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish uchun samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish, vaksina xaridlari va ishlab chiqarish uchun moliyaviy institutlar ko`magi zarurligi ta`kidlangan.
O`zbekiston delegasiyasi mamlakatimizda aholining yuqori sifatli sog`liqni saqlash xizmatlariga, shuningdek, samarali dori-darmon va vaksinalarga bo`lgan talabini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar to`g`risida batafsil ma`lumot taqdim etgan. Ommaviy emlash va butun mamlakat aholisi uchun vaksinadan teng foydalanishni ta`minlash, koronavirus infeksiyasiga qarshi jamoaviy himoyani shakllantirish masalalariga alohida e`tibor qaratilayotgani ma`lum qilingan.
Kompaniyalar va barcha manfaatdor tomonlarni jalb qilish va vaksinalarni ishlab chiqarish hamda tarqatish hajmini ko`paytirish, arzon tarqatishni birgalikda rag`batlantirish va butun dunyo bo`ylab mahalliy vaksinalar ishlab chiqarishni kuchaytirish bo`yicha xalqaro hamkorlikdagi sa`y-harakatlarda ularning ishtirokini qo`llab-quvvatlash bo`yicha birgalikdagi harakatlar tasdiqlangan.
Xalqaro anjuman yakunida vaksinalar sohasidagi hamkorlik bo`yicha xalqaro forumning Qo`shma deklarasiyasi qabul qilindi. Unda ishtirokchilar COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash, COVID-19ga qarshi emlashda birdamlik va hamkorlik muhimligini qayd etgan. Shuningdek, deklarasiyada global jamoat farovonligi sifatida mamlakatlarni vaksinalarni tadqiq qilish va ishlab chiqish, shuningdek, JSSTning qat`iy standartlari va qoidalariga muvofiq ishlab chiqarishda ishtirok etuvchi manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilishga da`vat etilgan.






