AsosiyJamiyat

Jamoat xavfsizligi universitetiga o`qishga qabul qilish tartibi belgilandi

'Jamoat xavfsizligi universitetiga o`qishga qabul qilish tartibi belgilandi'ning rasmi

 

Hukumat qarori bilan Jamoat xavfsizligi universitetiga nomzodlarni saralab olish va o`qishga qabul qilish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot ma`lum qildi.

 Nizomga ko`ra, universitetning bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga nomzodlarni kursantlar safiga qabul qilish harbiy-professional yo`nalish, dastlabki saralab olish va test sinovlari bosqichlarida amalga oshiriladi.

 Universitetga o`qishga faqat O`zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.

 Universitetga kirish istagini bildirgan:

 fuqarolar ta`lim yo`nalishlaridan kelib chiqqan holda o`zlarining yashash joyidagi mudofaa ishlari bo`yicha bo`limlarga yoki Ichki ishlar vazirligi hududiy bo`limlariga ariza bilan;

 harbiy xizmatchilar (xodimlar) o`zlari xizmat o`tayotgan harbiy qismga bildirgi bilan murojaat qiladi.

 Arizalar har yili 1 fevraldan 20 martga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.

 Universitetga nomzodlarni kursant, tinglovchi va talabalar safiga o`qishga qabul qilish Davlat test markazi tomonidan test sinovlarini o`tkazish orqali amalga oshiriladi.

 Test sinovlari tashkil etilayotgan o`quv yilidan avvalgi yillarda ta`lim muassasalarini tugatgan nomzodlardan (to`liq davlat taxminotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etish uchun BHMning yarim baravari miqdorida to`lov undiriladi.

 Universitet bitiruvchilariga tegishli namunadagi diplom va harbiy tayyorgarlikdan o`tganlarga zaxiradagi leytenant harbiy unvoni beriladi.

 Umumfuqaroviy asosda talabalikka qabul qilishning to`lov-kontrakt asosidagi qabul ko`rsatkichlari, qo`shimcha tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilish universitet tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.    

 Shuningdek, universitet magistraturasiga 5 yil va undan ko`p mehnat stajiga ega bo`lgan, kamida “mayor” ofiser lavozimlarida xizmat o`tayotgan, o`qishga qabul yilining 31 dekabrigacha 45 yoshdan oshmagan harbiy xizmatchilar (xodimlar) qabul qilinadi.  

 Magistraturaga o`qishga qabul qilingan shaxslarning oxirgi egallab turgan lavozimi uchun belgilangan pul ta`minoti o`qish davri mobaynida saqlab qolinadi.

Universitetning “Yo`l-patrul xizmatining qo`mondonlik-taktik faoliyati”, “Patrul-post xizmatining qo`mondonlik-taktik faoliyati”, “Pasport tizimini huquqiy ta`minlash” ta`lim yo`nalishlari bo`yicha nomzodlar bilan dastlabki saralab olish tadbirlari Ichki ishlar vazirligi hududiy bo`limlari tomonidan o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar