Ohangaron shahrida pandemiya sharoitida talab yuqori bo`lgan dori vositalarining qimmat narxlarda sotilishining oldi olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DBQning Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan Ohangaron shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar S.A. va D.X.lar pandemiya sharoitida aholining iste`mol talabi yuqori bo`lgan dori vositalarini qimmat narxlarda o`tkazish orqali daromad orttirishni ko`zlab, xorijda ishlab chiqarilgan 7 xil turdagi, jami 2 098 quti “Geparin”, “Enoksaparin”, “Seftrakson”, “Favipiravir”, “Remdesivir”, “Bakterazon” va “Deksametazon” nomli dori vositalarini xaridorga 160 mln so`mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Baholash ekspertizasi xulosasiga ko`ra, ushbu dori vositalarining umumiy narxi 80,3 mln so`mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






