AsosiyJamiyat

O`zbekiston-Rossiya qo`shma o`quvlari yakunlandi

'O`zbekiston-Rossiya qo`shma o`quvlari yakunlandi'ning rasmi

O`zbekiston va Rossiya harbiy xizmatchilari shartli jangarilar guruhini yo`q qilish bo`yicha maxsus operasiyani amalga oshirdilar. Dushmanga aviasiya, artilleriya, zirhlangan jangovar texnikalar va barcha turdagi o`t ochish vositalari yordamida zarbalar berildi. Mashg`ulotlarda Rossiyaning to`rtta Tu-22M3 bombardimonchi samolyoti qatnashdi.

Bugun, 6 avgust kuni «Termiz» umumqo`shin dala-o`quv maydonida O`zbekiston va Rossiya Qurolli Kuchlari hamkorligidagi «Janub-2021» o`zbek-rus qo`shma o`quvining asosiy mashg`ulotlari bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

O`quvlarni O`zbekiston mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari — Qurollii Kuchlar Bosh shtabi boshlig`i general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov hamda Rossiya Qurolli Kuchlari bosh shtabi boshlig`i — mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari armiya generali Valeriy Gerasimov bevosita kuzatib bordi.

Dastlab ikki davlat harbiylari o`quv rejasiga asosan birgalikda, shartli noqonuniy qurollangan jangari to`dalarni turli sharoitlarda zararsizlantirish bo`yicha maxsus operasiya harakatlarini olib borishdi.

O`quv rejasiga ko`ra, Davlat chegarasini buzib kirib, keyinchalik hududning aholi yashash punktlaridan biriga joylashib olgan bir guruh noqonuniy qurollangan shartli dushman haqida uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida razvedka ma`lumotlari olindi.

Qo`shinlarning birlashgan turkumi qo`mondonligi tomonidan vaziyat har tomonlama baholanib, dushmanni yakson qilish maqsadida birgalikdagi operasiya o`tkazish bo`yicha qaror qabul qilindi.

Qarorga asosan, ikki davlat bo`linmalari hamkorlikda turli taktik harakatlarni (marsh yurishi, desantlash) amalga oshirib, belgilangan hudud va himoya chizig`ini egallashdi. Shundan so`ng dushmanga aviasiya, artilleriya, zirhlangan jangovar texnikalar va barcha turdagi o`t ochish vositalari yordamida zarbalar berilib, ularning kuch tuzilmalari butunlay yo`q qilindi.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, aviazarbalar Rossiya Havo-kosmik kuchlarining tovush tezligidan yuqori tezlikda uzoq masofaga parvoz qiluvchi to`rtta Tu-22M3 bombardimonchi samolyoti tomonidan berildi.

«Amaliy harakatlar jarayonida Tu-22M3 ekipaji Saratov viloyatidagi operativ aerodromdan havoga ko`tarilib, parvozni amalga oshirdi va Termiz poligonidagi shartli jangarilarning niqoblangan lagerlari va qurol-aslahalar omborlari bo`yicha vazifani bajardilar», — deyiladi xabarda.

Bombardimonchilarni O`zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va Harbiy havo kuchlarining bir juft MiG-29 qiruvchisi himoyalab bordi.

    Boshqa yangiliklar