Kecha, 6 avgust kuni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Turkmanistonda xizmat ko`rsatgan artist” unvonini oldi. Bu haqda u o`zining Telegram sahifasida ma`lum qildi:
Bugun Turkmaniston Oliy Majlisi raisi Gulshat Mammedova qo`lidan “Turkmanistonda xizmat ko`rsatgan artist” unvonini qabul qildik.
O`zbek xalqining ijodkor bir farzandi bunday e`tirofga munosib ko`rilishi ikki qardosh davlatning do`stona munosabati, ikki millat o`rtasida insonparvarlik va bag`rikenglik madaniyatini mustahkamlash, o`zaro muhabbat va e`tiborning yuksak ko`rinishi desak, aslo mubolag`a bo`lmaydi.
Kamtarona ijodimizni yuksak baholab, taqdim etilgan mazkur unvonni nafaqat menga, balki butun o`zbek xalqiga hamda san`atiga bo`lgan Turmaniston Prezidentining, xalqining mehri va hurmati deb qabul qilaman.
Shu bilan birga, turkman xalqining e`tiboriga tushganimdan, yana bir qadrdon makonda millionlab muxlislar orttirganimdan benihoya xursandman.
Ayni damda, shuni alohida ta`kidlashni istardimki, o`zbek xalqiga qanday sidqidildan xizmat qilayotgan bo`lsam, endilikda o`zimni turkman xalqi oldida ham ana shunday burchli deb hisoblayman.
O`zbek xalqi singari mehribon, bag`rikeng turkman elining ehtiromiga sazovor bo`lish men uchun katta baxt, yuksak e`tirof va ulkan mas`uliyatdir.
Fursatdan foydalanib, ushbu e`tirof uchun, avvalo, Turkmaniston Prezidentiga, shu orqali butun turkman xalqiga chuqur minnatdorligimni bildiraman.






