AsosiyJamiyat

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Coca-Cola" bilan kelishuvga erishdi

'Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Coca-Cola" bilan kelishuvga erishdi'ning rasmi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ ustav kapitalidagi 57,118 % ulushini “Coca-Cola İçecek A.Ş.” kompaniyalar guruhiga sotish bo`yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda agentlikning Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ (Kompaniya) ustav kapitalidagi 57,118 % davlat ulushini “Coca-Cola İçecek A.Ş.” (CCI) kompaniyalar guruhiga, unga to`liqligicha qarashli bo`lgan “CCI International Holland B.V.” sho``ba korxonasi orqali 252,28 million AQSh dollariga sotish (Bitim) bo`yicha kelishuvga erishilganligini ma`lum qiladi.

Bitim Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o`tkazish bo`yicha Davlat komissiyasi tomonidan ma`qullangan. Bitimni yakunlash jarayoni tartibga soluvchi organlar tomonidan beriladigan muayyan ruxsatlar olinishini talab qiladi.

Mazkur bitim xalqaro amaliyotda qabul qilingan va O`zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi PF–6096-son Farmoniga asosan, ommaviy oshkora sotuv jarayoni shaklida tashkil etildi.

Davlat ulushining mazkur sotuv jarayoni “Rothschild & Co” Agentlikning moliyaviy maslahatchisi, Dentons esa yuridik maslahatchisi sifatidagi ishtirokida amalga oshirildi.

Ma`lumot uchun, “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ – O`zbekistonda gazlangan alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya bo`lib, u Toshkent, Namangan va Urganch shaharlarida ishlab chiqarish zavodlariga, shuningdek omborxonalar tarmog`iga ega. 2020 yil yakunlari bo`yicha Kompaniyaning sof foydasi 205 mlrd. so`mni tashkil etgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Bitimning yakunlanishi bilan keng ommaga (jamoatchilikka) hamda ommaviy axborot vositalariga qo`shimcha axborot va bayonot beradi.

    Boshqa yangiliklar