"Bundan bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor city’da joylashgan ko`p qavatli uylarning biri balkonida shaxsi noma`lum ayol va erkak ishqiy munosabati aks etgan nomaqbul video tarqatilgan edi. Oradan vaqt o`tib, 2021 yil 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlar – Instagram, Telegram, TikTok’da yana bir video tarqaldi. Galdagi videorolikda ushbu nomaqbul video qahramoni bo`lgan ayol go`yo "QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekan" deb yoziladi va Feruza Najmiddinovaning ish jarayonidagi suratlari bilan montaj qilib, ijtimoiy tarmoqda tarqatiladi. "Ushbu video qahramoni Feruza Najmiddinova ekani yolg`on va hech qanday asosga ega emas.", deyiladi Qalampir.uz tahririyati taqdim etgan bayonotda.
Unga ko`ra, Feruza Najmiddinova oliy ma`lumotli, oilali. 2019 yildan buyon QALAMPIR.UZ internet nashrida turli lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda. U jamoada va jamiyatda, o`quvchilar orasida tartibli, fidoiy, sadoqatli, halol jurnalist sifatida hurmat qozongan.
F.Najmiddinovaning 2020-2021 yillardagi jurnalistik faoliyati aynan tanqidiy va tahliliy materiallar bilan bog`liq. U odamlarni qiynayotgan masalalar haqida qo`rqmay, xolislikka va etikaga amal qilgan holda, so`z ochishi bilan e`tiborga tushgan. Albatta, bunday tanqidiy materiallar uchun u bir necha bor tazyiq, tahdidga, “olib tashlaysan” yoki “chiqarmaysan”, degan dag`dag`alarga ham uchragan.
"Bo`hton video tarqatilishidan bir kun avval, 6 avgust kuni Feruza Najmiddinova QALAMPIR.UZ’da e`lon qilgan “Tashkent City” hududidagi restoranlar Respublika maxsus komissiyasi qarorini pisand qilmay, soat 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqidagi tanqidiy-tahliliy reportaji orqali ayrimlarning “dumini bosdi” va bu unga nisbatan nafratni yanada oshirdi.
Bugun biz istalgan odamni “shes sekund”da sharmanda qilish, uning ustidan istalgan vaqtda mag`zava ag`darib, tomosha qilib turish, obro`sizlantirish va shu yo`sinda alam olish oson bo`lgan davrda yashayapmiz. Feruza Najmiddinova ekan deb tuhmat qilinayotgan videoda ayolning yuzidan uning kimligini tanib olish mumkin emas. Va ushbu videoga istalgan ayolning, aytaylik, amaldor ayollarning yoki amaldorlarning qizi, jiyani, ayoli suratini ham qo`yib, “shunaqa ish bo`libdi”, deb tarqatish mumkin va bu haqiqat bo`lolmaydi. ", deyiladi xabarda.