Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ma`lum qildi:
«Bugungi kunda butun dunyodagi kabi yurtimizda ham koronavirusga chalinish holatlari davom etmoqda. Eng achinarlisi, o`tgan yildagiga nisbatan maktab yoshidagi bolalar orasida ham kasallik tarqalishi holatlari ko`paygani kuzatilmoqda.
Shu bois Xalq ta`limi vazirligi yangi 2021-2022 o`quv yilida maktablarda dars jarayoni gibrid shaklda davom ettirilishiga tayyorgarlik ko`rayotganini ma`lum qiladi. Bunda maktabda yuzaga keladigan vaziyatga qarab maktab Sanitariya-epidemiologiya nazorati Markazlari taklifiga asosan mahalliy kengashlar qarorlariga ko`ra ayrim maktablar karantinga yopilib masofaviy tizimga o`tkazilishi mumkin.
Bunday holatlarda o`quvchilar ta`limni vaqtincha masofaviy shaklda uydan davom ettiradi. O`quvchining masofadan ta`lim olishiga imkoniyat yaratish maqsadida Milliy teleradiokompaniyaning telekanallari orqali «Onlayn maktab» loyihasi doirasida efirga uzatilayotgan darslar davom ettiriladi.
Shu o`rinda Xalq ta`limi vazirligi an`anaviy ta`limni to`liq tiklanishi uchun barcha tizim xodimlarini tezroq vaksina olishlarini so`rab qoladi. Hech qanday eng zamonaviy masofaviy ta`lim tizimi ham bevosita maktabdagi ta`lim o`rnini bosa olmaydi", - dedi Matbuot kotibi.
Shuningdek ota-onalardan yuqoridagilarni inobatga olgan holda farzandlarini imkoniyat doirasida maktabga tayyorlashi mumkinligini va bunda karantin talablariga rioya qilishi so`raldi.






