1

Buqoq nasldan-naslga o`tishi bor gapmi? Shifokor javob berdi

Salomatlik 09.08.2021, 15:16
Teglar: buqoq
Buqoq nasldan-naslga o`tishi bor gapmi? Shifokor javob berdi

Buqoq nasldan-naslga o`tishi bor gapmi? Ko`plab insonlar organizmida uchraydigan ushbu kasallik haqidagi savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasini bajaruvchi Feruza Xaydarova javob berdi.

 

Buqoq kasalligi nafaqat kattalarda, balki bolalarda ham ko`p kuzatiladi. Ayniqsa, yurtimizda bolalar va o`smirlar orasida buqoqning endemik turi juda ko`p uchraydi. Bu kasallik ularning o`sish jarayonini kechikishiga, xotiraning pasayishi hamda immunitetning tushishiga olib keladi. Ba`zan esa bolaning aqlan ojiz bo`lib qolishiga ham sabab bo`lishi mumkin. Shu bois, ularning eguliklarida kunlik yod miqdori me`yorda bo`lishiga e`tibor qaratish lozim.

 

Yoshga nisbatan yodga bo`lgan kunlik miqdor quyidagicha:

0-2 yoshgacha bo`lgan bolalar uchun – 50 mkg.

2-6 yoshgacha bo`lgan bolalar uchun – 90 mkg.

7-12 yoshgacha bo`lgan bolalar uchun – 120 mkg.

12 yoshdan yoqori bo`lganlar uchun – 150 mkg.

Ma`lumki, O`zbekiston endemik hududda joylashgan bo`lib, aholi o`rtasida buqoq kasalligiga chalinish holatlari ko`p uchraydi. Shu bois, kasallikning oldini olish maqsadida muntazam tibbiy ko`riklar va yodlangan osh tuzidan foydalanish kabi chora-tadbirlar yo`lga qo`yilgan. Albatta buqoq kasalligi nasl suradi. Jumladan, buqoqning tugunli, autoimmun tireoidit va yoyma zahar turi ota-onadan bolaga ham o`tishi mumkin. Biroq salomatlikka e`tiborli bo`linsa, shifokor ko`rigidan tez-tez o`tib turilsa, xastalikning bolaga o`tish xavfi kamayadi. 

  Buqoqning oldini olish uchta shaklda — ommaviy, guruhli va individual tarzda amalga oshirilishi mumkin. Ular orasida eng samarali usul birinchisi hisoblanadi. U har bir odam iste`mol qiladigan mahsulotga oz miqdorda yod qo`shish orqali amalga oshiriladi. Misol uchun, bugungi kunda yurtimizda aholi yodlangan osh tuzidan foydalanadi.

Shuningdek, guruhli choralarni qo`llashda xastalikka chalinish xavfi yuqori bo`lgan shaxslar orasida yod preparatlarini ishlatish mumkin. Bu birinchi navbatda, bolalar va o`smirlarni o`z ichiga oladi.  

Bundan tashqari, kasallikni oldini olishda individual choralar ham qo`llaniladi. Ya`ni, buqoqni davolash va oldini olish uchun preparatlardan foydalanish mumkin. Ammo dori vositalarini tibbiy tekshiruvdan o`tgach va mutaxassis tavsiyasi bilan buqoqning darajasi va turiga qarab qo`llash lozim. Aks holda nojo`ya ta`sir etib, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1