So`ngi vaqtlarda fuqarolar orasida xorijga chiqish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirish bilan bog`liq ayrim savollar ko`paymoqda. Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova AOKAda bo`lib o`tgan brifingda shu bilan bog`liq savolga javob berdi.
Xorijga chiqish biometrik pasportini olishga arizani ko`rib chiqish muddati va to`lovi qancha?
— O`zbekiston Respublikasi hududida xorijga chiqish biometrik pasporti ma`lumotlarni yig`ish punkti tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab o`n ish kunida, xorijda esa diplomatik pochtani jo`natish grafigiga muvofiq belgilangan tartibda beriladi.
Fuqaroga va unga hamrohlik qiluvchi shaxsga (shaxslarga) xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish muddati O`zbekistondan zudlik bilan chiqib ketishni talab qiladigan holatlarda, shoshilinch davolanish zarurligini tasdiqlovchi viloyat va respublika miqyosidagi davlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan berilgan hujjatlar, yaqin qarindoshining og`ir kasalligi yoki vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo`lganida, chiqish huquqiga cheklov bo`lmagan taqdirda 5 ish kunidan oshmasligi lozim.
Fuqaro xorijga chiqish biometrik pasportini yo`qotgan taqdirda yangi pasport belgilangan tartibda pasport yo`qolganligi haqida ariza berilgan kundan boshlab bir oy ichida beriladi. Arizani ko`rib chiqish muddati O`zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq uzaytirilishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasining fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport berish uchun davlat boji BHMning 1,2 baravari (294000)so`m.