Ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda joriy yil 9 avgustdan boshlab mamlakatimizda ZF-UZ-VAC-2001 o`zbek-xitoy vaksinasining ikkinchi va uchinchi dozalari bilan emlash 1 hafta muddatga vaqtincha to`xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i o`rinbosari Nurmat Otabekov bayonot berdi.
"Dunyo hamjamiyatida vaksinalarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda. O`zbekistonda ham har kuni 350-400 ming odam emlanayapti.
Bilamizmi, emlash tadbirlari orqali kasallikni boshqarish mumkin. Qachonki vaksinasiyadan keyin 50 foizdan ko`proq odamda immunitet paydo bo`lsa, ya`ni, immunogenlik 50 foizdan yuqori bo`lsa, u samarador hisoblanadi. Hozir bizlar ishlatayotgan vaksinalarning birinchi dozasi bilanoq biz shu samaradorlikka erishayapmiz.
Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasining ikkinchi dozasini olishi kerak bo`lganlarning 50 foizi, uchinchi dozani olishi kerak bo`lganlarning 70 foizi o`z vaqtida navbatdagi vaksinani olishga kelmayapti. Agar biz ularning navbatdagi dozani olishi uchun vaksinalarni saqlab turaversak, vaqtdan yutqazamiz.
Shu bois aholining katta qismida qisman bo`lsa-da immunitet shakllantirish uchun mavjud vaksinalarni faqatgina birinchi dozani oluvchilar uchun qo`llashga qaror qildik. Biz shu orqali kasallikka qarshi qisman immunitet shakllantirishimiz va kasallik yuqqan taqdirda, engil o`tishi uchun zamin yaratgan bo`lamiz.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti vaksinalar etkazib berishda muammolar bo`lsa, vaksinalar orasidagi belgilangan muddatni 12 haftaga uzaytirish mumkinligini ta`kidlamoqda. Bundan tashqari, ushbu tashkilot gibrid vaksinalar haqida ham bosh qotirmoqda. Bu — agar biror vaksina bilan emlanishni boshlasak, boshqa vaksina bilan yakunlash ham mumkin bo`ladi, degani. Bu borada har qanday yangilikni tezkorlik bilan aholiga etkazishda davom etamiz", — deya ta`kidladi Nurmat Otabekov.






