O`zbekiston musulmonlari idorasida yangi tashkil etilgan “Qur`on tajvidini o`rgatish” bo`limi mudiri o`rinbosari vazifasiga O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori, taniqli bloger Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy) tayinlandi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi Axborot xizmati xabar berdi.
Abror Muxtor Aliy Andijon viloyatida joylashgan “Sayyid Muhyiddin Mahdum” madrasasidagi tayyorlov kursida tahsil olib, Namangan shahridagi “Mulla Qirg`iz” (hozirgi “Hidoya”) o`rta-maxsus diniy ta`lim muassasasida o`qigan. Shundan so`ng Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olgan.
2008 yil Respublika qorilar musobaqasida ishtirok etib, “mujavvid qorilar” yo`nalishi bo`yicha 3-o`rinni olgan. 2008 yil Toshkent viloyati “Olimjon ota” jome masjidida imom-xatib bo`lib ishlagan. 2008-2009 yillarda Xorazm viloyatidagi “Faxriddin ar-Roziy” o`rta-maxsus diniy ta`lim muassasasi o`qituvchi vazifasida xizmat qilgan. 2009-2011 yillarda O`zbekiston Milliy universitetining Oliy jurnalistika kurslarida tahsil olib, magistrlik darajasini olgan.
Mashhur alloma Izuddin Bayyanuniyning “Tahorat va namoz hukmlari” nomli kitobini o`zbek tiliga tarjima qilgan. “Oltin silsila” hadislar to`plami tarjimonlaridan biri hisoblanadi.
Abror Muxtor Aliy bloger sifatida ham katta shuhrat qozongan. Voqea-hodisalarga tezkor va ilmiy asosli munosabat bildirishi ham e`tiborga molikdir, deyiladi xabarda.






