DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda 1995 yil Toshkent viloyatida tug`ilgan shaxs abiturientni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Toshkent Davlat Yuridik Universitetiga o`qishga kiritib qo`yishni va`da qilib, xizmati evaziga 18 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo`lga olindi.
Ma`lum bo`lishicha, ushbu shaxs pullarni 1994 y.t. Toshkent davlat pedagogika universitetining sobiq o`qituvchisiga berishi kerak bo`lgan va tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs ham pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shunga o`xshash yana bir holatda esa, 1983 yil Toshkent viloyatida tug`ilgan, Toshkentdagi universitetlardan birining kafedra mudiri boshqa bir shaxsdan uning tanishini yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali o`qishga kiritib qo`yishni va`da qilib, undan 10 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida DXX hamda Departament xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo`lga olindi.
DXXning Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda viloyatdagi institutlardan birining talabasi, 1993 y.t. shaxs mahalliy fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Farg`ona filialiga o`qishga kiritib qo`yishni va`da qilib, undan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi. Talaba ushbu pullarni o`zi taxsil olayotgan institutning sirtqi bo`limi bosh mutaxassisi, 1989 y.t. shaxsga berishi kerak bo`lgan. Shundan so`ng, tezkor tadbir davom ettirilib, u ham 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo`lga olindi.
Shuningdek, 1995 y.t., Namangandagi universitetlardan birining magistranti 2500 AQSh dollari evaziga mahalliy fuqaroni Qirg`iziston Respublikasi Batken viloyatdagi universitetlardan biriga Iqtisodiyot yo`nalishiga o`qishga kiritib, 1-bosqichni tamomlaganlik haqidagi ma`lumotnomani tayyorlatib berishni va`da qiladi.
DXXning Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs 2500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






