Hukumat qarori (504-son, 09.08.2021 y.) bilan Rivojlanishda orqada qolayotgan hamda ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo`lgan mahallalarda aholi bandligini ta`minlash orqali oilalarning daromad manbaini yaratish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko`ra, tuman va shahar sektor rahbarlari tomonidan “og`ir” mahallalar belgilanadi.
Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun “o`sish nuqtalari” aniqlanib, har bir tadbirkorlik yo`nalishiga “etakchi” tadbirkorlar biriktiriladi.
“Og`ir” mahallalarga biriktirilgan “etakchi” tadbirkorlarga 3 yil muddatgacha yillik 10 foiz stavkada mahalla uchun 2 milliard so`mgacha kreditlar kooperasiya asosida ajratiladi.
Har bir “og`ir” mahallaga ajratilgan 2 mlrd. so`m mablag`larning 10 foizgacha bo`lgan qismi ularning tegishli ixtisoslashuv yo`nalishlarida bittadan namuna va o`rnak ko`rsatadigan tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun yo`naltiriladi.
“Etakchi” tadbirkorlarga kooperasiya asosida ishlayotgan fuqaro tomonidan ishlab chiqarilayotgan (etishtirilayotgan) mahsulotlarni sotib olish yoki shartnomaga asosan fuqaroga oylik ish haqi to`lash sharti o`rnatiladi.
Kreditlar sektor rahbarlari tomonidan “og`ir” mahallada tadbirkorlikni hamda iqtisodiy kooperasiyani rivojlantirish bo`yicha “yo`l xaritalar” va dasturlar Oilaviy tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash markazida himoya qilinib, ijobiy xulosasi olingandan so`ng beriladi.
Qarorga ko`ra shuningdek, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan kichik va oilaviy tadbirkorlik sub`ektlariga maydoni 10 sotixdan 50 sotixgacha bo`lgan zamonaviy issiqxonalar barpo etish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasida 7 yil muddatgacha kreditlar ajratiladi.






