Hukumat qarori bilan “Aziz-ayol.uz” yagona interaktiv milliy platformasi doirasida davlat organlari va tashkilotlarining o`zaro elektron hamkorligi tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi
Nizom bilan “Aziz-ayol.uz” yagona interaktiv milliy platformasining asosiy vazifalari belgilandi.
Milliy platforma orqali, jumladan:
- vazirlik va idoralardan xotin-qizlar bilan bog`liq ma`lumotlar tezkor yig`ilishi va real vaqt rejimida tahlil qilinishi ta`minlanadi;
- “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni kasb-hunarga o`rgatish, ularning bandligini ta`minlash, tadbirkorlikka jalb etishga yordam beriladi;
- xotin-qizlarning o`z huquqlari ta`minlanishi bo`yicha murojaat qilishlari uchun yagona qulayliklar yaratiladi.
Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi Milliy platformaning uzluksiz faoliyat ko`rsatishini ta`minlaydi.
Davlat organlari va tashkilotlari Milliy platformaga jamlanishi lozim bo`lgan ma`lumotlarni vazirlik so`roviga asosan taqdim etadi.
Qarorga ko`ra shuningdek, 1146 qisqa raqamli “ishonch telefoni”ga tazyiq va zo`ravonlikdan jabr ko`rgan xotin-qizlar bilan muloqot qilish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko`rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish masalalari bo`yicha kelib tushgan murojaatlarga 24 soat ichida tezkor munosabat bildirish amaliyoti yo`lga qo`yiladi.






