Xabar berganimizdek, “Etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2021 yil 1 dekabrgacha uy-joyga muhtoj 757 nafar etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar uy-joy bilan ta`minlanadi.
2022 yil 1 sentyabrdan etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarning uy-joyga muhtojligi “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali aniqlanadi.
2021 yil 1 sentyabrdan:
etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta`lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo`yilmagan holda joylashtiriladi;
texnikum, kollej, akademik lisey yoki OTMda o`qiyotgan davrida har o`quv yilida bir marotaba o`quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish xarajatlari uchun BHMning 5 baravari (1 mln 225 ming so`m) miqdorida subsidiyalar ajratiladi;
o`quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining tegishli yo`nalishlar bo`yicha kurslarda o`qish xarajatlari bir yilda BHMning 20 baravarigacha (4 mln 900 ming so`mgacha) miqdorda kompensasiya qilinadi;
o`qishni davlat OTMlarida davom ettirganda ularga stipendiya to`lovlari 50 foizga oshirilgan holda to`lanadi.
2021/2022 o`quv yilidan OTMga abiturientlarni qabul qilishning umumiy sonidan SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) etim bolalar (25 yoshga to`lmagan) uchun qo`shimcha ravishda 1 foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratiladi.
2021 yil 1 sentyabrdan o`quv-tarbiya muassasalarini tamomlagan etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar navbatsiz beriladi.
2021 yil 1 sentyabrdan nogironligi bo`lgan bolalarni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarga to`lanadigan to`lovlar BHMning 10 baravarigacha (2 mln 450 ming so`mgacha) etkaziladi.
Og`ir kasallikka chalingan etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarning xorijiy davlatlardagi jarrohlik operasiyalari bilan bog`liq xarajatlar to`liq miqdorda kompensasiya qilinadi.






