AOKA tomonidan bir guruh jurnalist va blogerlar ishtirokida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga (OKMK) press-tur tashkil etildi. Unda OKMKda amalga oshirilayotgan investisiya loyihalariga e`tibor qaratildi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yurtimizda yirik korxonalaridan biri hisoblanadi. Kombinat bugungi kunda mis-molibden, rux-qo`rg`oshin, polimetall va oltin tarkibli ma`danlarni qazib olish va qayta ishlash bo`yicha dunyoda 30ta eng yirik korxonalar safidan joy olgan. Kombinat bugungi kunda ochiq va er osti konlari, ma`dan boyitish va oltin saralash fabrikalari, metallurgiya va sement zavodlariga hamda yirik texnikalariga ega rivojlangan sanoat majmuasiga aylangan.
Press-tur ishtirokchilari Kombinat texnologik ishlab chiqarish zanjirining boshlang`ich nuqtasi bo`lgan Qalmoqqir kareriga borishdi.
Umida QARShIBOEVA, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati AJ Axborot xizmati rahbari:
– Qalmoqqir karerining qurilishi 1954 yilda boshlangan, 1959 yil 1 iyulda esa kondan ilk marotaba ma`dan yuklangan va shu kungacha belgilangan ko`rsatkichlar bajarib kelinmoqda. Hozirgi vaqtda karerning uzunligi - 4000 metr, kengligi - 2000 metrni tashkil qiladi.
2020 yilda Qalmoqqir konidan 28 920 000 m3 ruda qazib olingan bo`lsa, 2021 yilning shu davriga kelib ushbu ko`rsatkich 1 472 000 m3 ga etkazildi. Rejada esa 30 392 000 m3 qilib belgilangan.
Mutaxassislar OKMKda amaliyotga joriy etilayotgan investisiyaviy loyihalar haqida keng ma`lumot berishdi.
Xususan hozirda Prezidentning 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq “Yoshlik I” konini o`zlashtirish” investisiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 2020 yil 26 maydagi qarorga muvofiq loyihaning birinchi bosqichida 2021-2025 yillarda 290 ming tonna mis, 38 tonna oltin va 203 tonna kumush ishlab chiqariladi. 2024-2028 yillarda esa loyihaning ikkinchi bosqichida 400 ming tonna mis katodi, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqariladi.
Kon ishlarida zahiralar holatini baholash ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Buyuk Britaniyaning “SRK Consulting” kompaniyasi yordamida “Olmaliq KMK” AJ mineral resurslar xomashyo bazasini kengaytirish va zaxiralarni qayta baholashga qaratilgan loyiha joriy qilindi.
Ayni kunda Olmaliq loyihasi (Qalmoqqir va Yoshlik I) dunyoda oltin miqdori bo`yicha 1- o`rin, ruda tarkibidagi oltin bo`yicha 2-o`rin, ruda hajmi bo`yicha 3-o`rin (19,5mlrd tonna) ma`dandagi mis miqdori bo`yicha 6 – o`rinni egallamoqda.
Manzura BEKJONOVA, Olmaliq-Toshkent.