AsosiyJamiyat

Hamshiralarga malaka toifalari qanday shartlar asosida beriladi? SSV javob berdi

'Hamshiralarga  malaka toifalari qanday shartlar asosida beriladi? SSV javob berdi'ning rasmi

Hamshiralarga  malaka toifalari qanday shartlar asosida beriladi?

O`rta tibbiyot xodimlarining malaka toifasi olishi bilan bog`liq masalalar haqidagi savolga Sog`liqni saqlash vazirligi bo`lim boshlig`i Gulnora YuSUPALIEVA javob berdi.

— Hamshiralar, ya`ni o`rta tibbiyot xodimlarining malaka toifasi olish jarayonlari Sog`liqni saqlash vazirining “Tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o`tkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug`iga muvofiq amalga oshiriladi. Buruqqa binoan ishlab chiqilgan nizomda uning tartib va me`yorlari ko`rsatib o`tilgan. Tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o`tkazish va ularga malaka toifalari berish ularni o`z malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishga yo`naltirish va moddiy rag`batlantirish maqsadida amalga oshiriladi. 

O`rta tibbiyot xodimlari qancha vaqtda malaka toifasini yangilashi kerak? Tibbiyot xodimlarining qanday malaka toifalari mavjud?

 Malaka toifasini olish “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega bo`lgan hamshiralar, o`rta tibbiyot yoki farmasevtika xodimlari uchun ixtiyoriy bo`lib, ularning murojaatiga ko`ra amalga oshiriladi. Shifokorlar esa har 5 yilda malaka toifasini olish bo`yicha majburiy attestasiyadan o`tkaziladi. Qulaylik yaratish va attestasiyaning shaffof o`tkazilishini ta`minlash uchun sinov jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi.

 Tibbiyot va farmasevtika xodimlariga uchinchi, ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalari beriladi.

Uchinchi malaka toifasi — kerakli nazariy bilimga ega bo`lgan, lekin ikkinchi malaka toifasini olish uchun zarur ish stajiga ega bo`lmagan o`rta tibbiyot xodimlariga beriladi.

Ikkinchi malaka toifasi — mutaxassisligi bo`yicha kamida besh yil ish stajiga hamda zarur nazariy bilim va amaliy ko`nikmalarga ega bo`lgan tibbiyot va farmasevtika xodimlariga beriladi. Ikkinchi malaka toifasini olish uchun uchinchi malaka toifasining bo`lishi talab qilinmaydi.

Birinchi malaka toifasi — mutaxassisligi bo`yicha kamida etti yil ish stajiga, yaxshi nazariy bilim va amaliy ko`nikmalarga hamda ikkinchi malaka toifasiga ega bo`lgan tibbiyot va farmasevtika xodimlariga beriladi.

Oliy malaka toifasi — mutaxassisligi bo`yicha kamida o`n yil ish stajiga, yuqori nazariy bilim va amaliy ko`nikmalarga hamda birinchi malaka toifasiga ega bo`lgan tibbiyot va farmasevtika xodimlariga beriladi. Qayd etib o`tish zarur, hamshiralarga malaka toifasi besh yil muddatga beriladi.

— Hamshira ixtisosligiga ko`ra bir-biridan farq qiluvchi ikkita joyda ishlasa, malaka toifasini yangilash masalasi qanday bo`ladi?

— Malaka toifasi “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega bo`lgan hamshiralar, o`rta tibbiyot yoki farmasevtika xodimining murojaatiga ko`ra asosiy va o`rindosh ish joyidagi mutaxassisliklardan bittasi bo`yicha yoki ularning har biri bo`yicha alohida berilishi mumkin.

Boshqa yangiliklar