AsosiyJamiyat

“Mehribonlik” uylari Milliy gvardiyaga biriktirildi

'“Mehribonlik” uylari Milliy gvardiyaga biriktirildi'ning rasmi

“Etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

 Qarorga ko`ra, “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sog`liqni saqlash vazirligi tizimining Bolalar uylari (o`quv-tarbiya muassasalari) Milliy gvardiyaga biriktirildi.  

 Milliy gvardiya tarkibida o`quv-tarbiya muassasalarida yoshlarning ta`lim va tarbiya olish jarayonlarini hamda ularning bo`sh vaqtini samarali tashkil etishga mas`ul Milliy gvardiya qo`mondonining o`rinbosari lavozimi joriy etildi.

 Qarorga ko`ra, Oilaviy bolalar uylari va Bolalar uylariga hamda vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) etim bolalarga (25 yoshga to`lmagan) Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchi va xodimlari biriktiriladi.  

 Biriktirilgan harbiy xizmatchi va xodimlar etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarning ta`lim-tarbiya olish ahvolini va maishiy shart-sharoitlarini o`rganadi.

 O`quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari o`rtasida ular tomonidan erishilgan natijalarni baholash orqali o`quv-tarbiya muassasalarining reyting tizimi joriy qilinadi.  

2022 yil 1 yanvarga qadar Jamoat xavfsizligi universitetida o`quv-tarbiya muassasalari tarbiyachilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash yo`lga qo`yiladi.  

 2021 yil 1 noyabrdan “Mehr daftari”ga kiritilgan etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armalari tashkil etiladi.

 O`quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ijtimoiy holati har yili kamida ikki marotaba o`rganib boriladi.

 Shunga ko`ra, bu qizlar “Mehr daftari”ga kiritilib, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilishga hamda o`quv-tarbiya muassasalaridan keyingi hayotida o`z o`rnini topishiga ko`maklashiladi.  

 Shuningdek, har yili 25 nafar o`quv-tarbiya muassasalari tarbiyachilari O`zbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasi tizimidagi sanatoriylarda bepul davolanadi.

    Boshqa yangiliklar