AsosiyJamiyat

Navoiyda propan shoxobchasida gaz balloni portlab to`rt kishi jarohatlandi

'Navoiyda propan shoxobchasida gaz balloni portlab to`rt kishi jarohatlandi'ning rasmi

12 avgust kuni oqshomga yaqin Navoiy shahri Kimyogarlar ko`chasida joylashgan propan gaz quyish shoxobchasida portlash ro`y berdi.

FVV xabariga ko`ra, portlash “ZIL-130” rusumli propan yoqilg`isini tashish avtomobili o`zidagi suyultirilgan gazni to`kish vaqtida sodir bo`lgan.

Portlash natijasida yuk avtomobiliga foydalanish uchun o`rnatilgan gaz balloni yorilgan, natijada yong`in kelib chiqqan. “ZIL-130” rusumli suyultirilgan yoqilg`i tashish avtomobiliga o`rnatilgan sig`imga zarar etmagan.

Hodisa oqibatida shoxobcha yaqinidan xarakatlanib ketayotgan “Moskvich-412” rusumli avtomashina haydovchisi va 3 nafar yo`lovchisi turli darajada kuyish jarohatini olgan, halok bo`lganlar yo`q, deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborotida.

Navoiy viloyati FVB axborot xizmatiga ko`ra, jarohatlanganlar RShTYoIM Navoiy viloyati filialiga joylashtirilgan.

26 yoshli jabrlanuvchida tana sathi kuyishi 94-95 foiz, chuqur kuyish 70 foiz deya qayd etilgan. 27 yoshli jabrlanuvchida esa tana sathi kuyishi 83 foiz, chuqur kuyish 60-65 foizni tashkil etgan.

35 yoshli jabrlanuvchida tana sathi kuyishi 70 foiz, chuqur kuyish 40-45 foiz. 39 yoshli jabrlanuvchida esa tana sathi kuyishi 38-40 foiz, chuqur kuyish 16-17 foiz.

Portlash “Propan Best” MChJga qarashli shoxobchada ro`y bergan.

Yong`in o`chirish qismidan voqea joyigacha masofa – taxminan 1 km. Yong`in haqida FVBga soat 19:16 da xabar kelib tushgan, birinchi ekipaj soat 19:18da manzilga etib borgan.

Yong`inni o`chirishga jami 9 ta yong`in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan bo`lib, soat 19:45 da yong`in qurshab olingan va soat 19:53 da batamom o`chirilgan.

    Boshqa yangiliklar