Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on tumanidagi bolalar bog`chasida 150 nafar bola ovqatdan zaxarlanibdi, 1 nafar vafot etibdi” deyilgan ma`lumotlar tarqalmoqda.
Vaziyatga Maktabgacha ta`lim vazirligi Axborot xizmati quyidagilarni ma`lum qilmoqda:
Maktabgacha ta`lim vazirligi hamda O`zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta`lim tashkilotining 25 nafar tarbiyalanuvchilarining kasallanish holatini o`rganib chiqdi.
2 avgustdan 11 avgustgacha intoksikasiya sindromining klinik ko`rinishlari bo`lgan tarbiyalanuvchilar Toshkent Pediatriya Tibbiyot Instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqo`rg`on tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joyalashtirildi.
12 avgust holatiga ko`ra, 6 nafar tarbiyalanuvchi og`ir holatda jonlantirish bo`limida davolanmoqda, shundan 1 nafar tarbiyalanuvchi o`pkaning sun`iy nafas berish moslamasiga ulangan bo`lib, holati o`ta og`ir holatda qolmoqda. Qolgan 19 nafar tarbiyalanuvchilarning holati o`rtacha og`ir deb baholangan. Kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilardan bakteriologik tekshiruv o`tkazish uchun tahlillar olingan va laboratoriyaga yuborilgan.
Epidemiologiyaga qarshi tadbirlarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga uslubiy yordam ko`rsatish uchun O`zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan yuqumli kasalliklar bo`yicha mutaxassislar va epidemiologlar guruhi yuborilgan. Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan konsilium o`tkazilib kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilarga klinik ko`rinishlariga ko`ra «Botulizm» tashxisiga gumon qilingan. Yakuniy tashxis epidemiologik tekshiruv natijalari hamda bakteriologik tadqiqot ma`lumotlariga asoslanib qo`yiladi. Davolanish davomida 21nafar tarbiyalanuvchilarning salomatligi holatida ijobiy o`zgarishlar kuzatilmoqda.
Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy profilda keltirilgan xabarga ko`ra ushbu maktabgacha ta`lim tashkilotida 1 nafar tarbiyalanuvchining oziq-ovqat zaharlanishidan vafot etganligi keltirilgan.
Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, tarbiyalanuvchi Baxtiyorova Marjona Doniyor qizi 2021 yil 2 avgustgdan 7 avgustga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyati filiali shifokorlari tomonidan “Shifoxonadan tashqari ikki tomonlama o`choqli pnevmoniya. Asoratlari: Yurak qon-tomir etishmovchiligi. Miya shishi.” tashxisi qo`yilib davolash ishlari olib borilgan, shifokorlarning harakatlariga qaramay pnevmoniya kasalligi asoratlariga ko`ra yurak qon-tomir etishmovchiligi tufayli 7 avgust kuni biologik o`lim qayd etilgan.
Holat yuzasidan bugungi kunda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tekshiruv-surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda, o`tkazilgan tekshiruv natijalariga ko`ra Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan qo`shimcha ma`lumot beriladi.