Avval xabar berganimizdek Prezident Shavkat Mirziyoevning Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi bo`lib o`tmoqda.
Unda davlat rahbari ko`p yillar davomida sport gimnastikasi bilan shug`ullanib, xalqaro miqyosda shuhrat qozongan ajoyib sportchimiz – Oksana Chusovitinaning xizmatlarini alohida hurmat bilan tilga olgan.
Chusovitinaning ilk Olimpiadasi 1992 yilda Barselona shahrida o`tgan. O`shandan buyon u Olimpiya o`yinlarida ishtirok etish huquqini uzluksiz va ketma-ket sakkiz marta qo`lga kiritgan. Bu jahon sportida haqiqatdan betakror holat bo`lib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Oksana Aleksandrovnaning navbatdagi ishtiroki Tokio Olimpiadasining muhim voqeasi sifatida e`tirof etildi. Dunyo hamjamiyati Oksananing chiqishini katta zavq va hayajon bilan kuzatar ekan, Chusovitinaning matonatiga, o`z ishiga bo`lgan sadoqatiga tan berdi, dedi davlatimiz rahbari.
"Hayotini sportga, bunday yirik musobaqada muvaffaqiyatga erishishdek maqsadga bag`ishlash uchun zo`r iroda va fidoyilik kerak, desak ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz. Bunday afsonaviy sportchimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning mardligi, g`alabaga bo`lgan qat`iy intilishi yosh sportchilarimiz uchun muvaffaqiyat va shuhrat qozonishning o`ziga xos ibrat maktabi bo`lib xizmat qilmoqda", - deydi Prezident.
Davlat rahbari ulkan xizmatlari uchun Oksana Chusovitinaga “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni berilganini ma`lum qildi.
Prezidentimiz Oksana Chusovitina murabbiylik faoliyatini muvaffaqiyatli olib borib, sport gimnastikasi bo`yicha yangi chempionlarni tarbiyalashga munosib hissa qo`shishiga umid bildirdi.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolovning sport mahorati maktabini tashkil etish va ularning faoliyati uchun barcha zarur sharoitlar yaratishga topshiriq berildi.
"Hurmatli Oksana Aleksandrovna, Vatanimizga bo`lgan mehringiz va sadoqatingiz, sportdagi fidoyiligingiz, bukilmas iroda va matonatingiz uchun sizga yana bir bor katta minnatdorchilik bildiraman", - deya ta`kidlagan Prezident.






