Avval ma`lum qilganimizdek, ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoevning Tokio-2020 sovrindorlari va ularning ota-onalari bilan uchrashuvi bo`lib o`tmoqda.
Uchrashuv davomida davlat rahbari paralimpiyachilarimizga bo`lajak musobaqalarda omad tiladi:
"Keyingi yillarda mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo`lgan shaxslarning sport bilan shug`ullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etishini ta`minlash va davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash bo`yicha yangi tizim joriy qilindi.
Biz bundan buyon Olimpiya va Paralimpiya sportini yaxlit bir tizim sifatida ko`ramiz, ular uchun keng sharoit va imkoniyatlar hamda rag`batlantirish tizimini yaratamiz.
Xabaringiz bor, 24 avgust kuni Tokioda yozgi Paralimpiya o`yinlari boshlanadi. Ushbu nufuzli musobaqada ham vakillarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, Vatanimiz sha`nini munosib himoya qiladilar, deb ishonamiz.
Bugungi tantanali marosimda bir guruh paralimpiya sportchilarimiz ham qatnashmoqda.
Fursatdan foydalanib, bo`lg`usi musobaqalarda ularning barchasiga omad va zafarlar tilab qolamiz".
Davlatimiz rahbari olimpiyachilarimizga murojaat qilib, ular erishgan yutuqlar bilan cheklanmasdan, bu boradagi shonli an`analarimizni munosib davom ettirishi va jahondagi eng nufuzli musobaqalarda yangi O`zbekistonimiz bayrog`ini yanada baland ko`tarishiga ishonch bildirdi.
Ayni vaqtda Tokio Olimpiadasida g`olib va sovrindor bo`lgan sportchilar hamda ularning murabbiylariga davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari tantanali ravishda topshirilmoqda.