Avval xabar berganimizdek, Shavkat Mirziyoev bugun bo`lib o`tgan yig`ilishda Tokio Olimpiadasida erishilgan yutuq va yo`lga qo`yilgan kamchiliklarni sarhisob qildi.
"Shu o`rinda Olimpiya o`yinlarida jamoaviy sport turlari bo`yicha sezilarli natijaga erisha olmaganimizni ochiq tan olishimiz kerak. Bu hol mutasaddi rahbarlarni jiddiy o`ylantirishi zarur.
Agar kimdir, bundan keyin ham oldingi Olimpiya o`yinlarida bo`lgani kabi, faqat yakkakurash sport turlari hisobidan yutuqlarga erishamiz, deb o`ylasa, adashadi. Bilib qo`yinglar, bu – mutlaqo noto`g`ri yondashuv.
Bo`lg`usi Olimpiada oldidan futbol, basketbol, gandbol, chim ustida xokkey, regbi, voleybol singari jamoaviy sport turlari bo`yicha ham yo`llanmalarni qo`lga kiritish asosiy maqsadimiz bo`lishi zarur.
Shu maqsadda sport menejmenti bo`yicha nufuzli xalqaro kompaniyalardan birini jalb etgan holda, mamlakatimizda ushbu sohada boshqaruv tizimining har bir bo`g`inini auditdan o`tkazish maqsadga muvofiq.
Abduhakimov Milliy olimpiya qo`mitasi va Milliy paralimpiya qo`mitasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar audit natijalariga asosan jismoniy tarbiya va sportni hamda sport federasiyalari boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqib kiritsin".






