Prezident bugungi sportchilar bilan uchrashuvda Olimpiya o`yinlarida kashf etilgan yangi yulduzlari haqida ham to`xtaldi.
"Bu galgi Olimpiada biz uchun sport olamida bir qator yangi iste`dod sohiblarini, yangi O`zbekistonning yangi qahramonlarini kashf qilib berganini ta`kidlash lozim.
Xususan, 18 yoshli sportchi qizimiz, qoraqalpoq elining munosib farzandi Zaynab Dayibekova qilichbozlikning sablya yo`nalishi bo`yicha O`zbekiston tarixida birinchi marta Olimpiada qatnashchisi degan sharafga sazovor bo`ldi.
Eng muhimi, u musobaqalarning ikkinchi davrasida Osiyo o`yinlarining finalchisi, dunyo reytingida 3-o`rinda borayotgan xitoylik tajribali sportchini mag`lub etdi. Men ishonaman, Zaynab qizimiz kelgusi Olimpiya o`yinlarida yanada faol ishtirok etib, o`zining tirishqoqligi bilan O`zbekistonimizga albatta oltin medal olib keladi.
O`n to`qqiz yoshli Kumushxon Fayzullaeva esa 76 kilogrammgacha vazn toifasidagi qizlar o`rtasida og`ir atletika bahslarining eng yosh ishtirokchisi sifatida e`tirof etildi.
Ta`kidlash lozimki, dunyo miqyosida kamdan-kam sportchi bu yoshda Olimpiya o`yinlarida ishtirok etish sharafiga muyassar bo`ladi.
Shuningdek, umidli bokschimiz Tursunoy Rahimova hamda Olimpiada o`yinlarida og`ir atletika bo`yicha yangi rekordni o`rnatgan qizimiz Muattar Nabievaning chiqishlari ham hech kimni befarq qoldirmadi.
Hech shubhasiz, bularning barchasi yurtimizda yosh avlod tarbiyasiga, jismoniy tarbiya va sport rivojiga qaratilayotgan yuksak e`tibor va amaliy g`amxo`rlik natijasidir.
Hurmatli do`stlar, mana, ko`rib turibsizlar – O`zbekistonning jasur sportchi qizlari xalqaro maydonlarga dadil kirib kelmoqda. Barchamiz ularga chin qalbdan tasanno aytamiz.
Ayni vaqtda men sportchi yigitlarimizga qarab aytmoqchiman: agar qattiq g`ayrat qilmasalaringiz, qizlarimiz hademay sizlardan o`tib ketadi".






